Erkin iqtisodiy zonada yangi korxonalar ko‘paymoqda
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida istiqbolli loyihalar ishga tushirilib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. “Qo'qon Global Teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 535 milliard so‘m bo‘lgan yirik ip-kalava ishlab chiqarish korxonasi tantanali ochildi.
Davlatimiz rahbarining tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash masalalariga bo‘lgan e’tibori natijasida tadbirkorlar uchun yaratilgan katta imkoniyatlardan unumli foydalangan holda barpo etilgan ushbu ishlab chiqarish majmuasida paxta xomashyosi qayta ishlanib, yillik qariyb 10 ming tonna sifatli ip-kalava mahsuloti ishlab chiqariladi.

Ishlab chiqariladigan mahsulotlarning 60 foizi ichki bozorga sotilishi hamda 40 foizi xorijiy davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Korxonada 600 taga yaqin doimiy ish o‘rni yaratildi.
Viloyatda avtomobillar uchun yuqori bosimli metan gaz ballonlari ishlab chiqarish boshlandi.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida “Vicor Metan” mas’uliyati cheklangan jamiyatining avtomobillar uchun yuqori bosimli metan gaz ballonlari ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi.
2020 yildan beri samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Kokand Bicycles” xususiy korxonasi ta’sischisi Muhsinbek Abdurahimov tomonidan tashkil etilgan ushbu yangi korxonada Xitoyning zamonaviy texnologiyalaridan foydalangan holda yiliga 200 ming dona avtomobil uchun yuqori bosimli metan gaz ballonlari ishlab chiqariladi hamda mahalliylashtirish darajasi 50 foizga yetkaziladi. Shu munosabat bilan korxonada 70 dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratildi.

Tadbirda Prezidentimizning qarori asosida 2017 yilda tashkil etilgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, yurtimizdagi qulay ishbilarmonlik muhiti yil sayin yangi yirik loyihalarni amalga oshirishga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.

Bugungi kunga qadar “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududiga joylashtirilgan investitsiya loyihalari soni 135 taga, ularning umumiy qiymati 759,1 million dollarga yetdi. Loyihalarning to‘la ishga tushishi natijasida jami 15 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratiladi.

Yangi korxonalarning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri