Erishilgan kelishuvlar ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ta’lim sohasida ham izchil rivojlanmoqda.
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish ikki mamlakat munosabatlarining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Xitoy Xalq Respublikasining Guychjou viloyati, Guyyan va Guyan shaharlarida o‘tkazilgan “2026 China–ASEAN Education Cooperation Week” xalqaro tadbiri ana shu maqsadlarga xizmat qilgan yirik anjumanlardan biri bo‘ldi. Unda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Filial direktori, professor A.Yesimbetov boshchiligidagi delegatsiya xalqaro forumlar va sohaviy uchrashuvlarda ishtirok etib, veterinariya, chorvachilik va biotexnologiya sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimotini o‘tkazishdi.

Kasb-hunar ta’limiga bag‘ishlangan forumda professor A.Yesimbetovning ma’ruzasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish hamda xalqaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida fikr yuritildi. Tashrifning eng muhim natijasi sifatida Xitoyning Politexnika universiteti hamda Ninsya Kasb-hunar texnika universiteti bilan “Tovuq yetishtirish va sotish” yo‘nalishi bo‘yicha Shenzhen Agreement asosida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, Xitoy va ASEAN mamlakatlarining bir qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan anglashuvlarga erishildi. Mazkur kelishuvlar akademik almashinuvni kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va xalqaro ta’lim loyihalarini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Bu esa filialning xalqaro hamkorlik doirasini yanada kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi amaliy natija bo‘ldi.

Xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va universitetlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni rivojlantirish Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xitoyda o‘tgan mazkur xalqaro anjuman ana shu maqsadlar yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirib, ta’lim va ilm-fan sohasida o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri