Eng yaxshi tarbiyachilar taqdirlandi
Navoiy shahrida “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2023” kasbiy ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari va ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Navoiy viloyatida so‘nggi uch yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 740 tadan 1216 taga yetdi. Ularning 219 tasi davlat va 997 tasi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Viloyatdagi 3-7 yoshdagi bolalar soni 84 ming 175 nafar bo‘lsa, ularning 69 ming 230 nafari yoki 82,2 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Yil yakuniga qadar qamrov darajasini 84 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bolajonlarga 6050 nafar pedagog-tarbiyachi ta’lim-tarbiya bermoqda.


“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2023” kasbiy ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida jami 42 nafar tarbiyachi ishtirok etdi. Ular tanlov nizomiga muvofiq uch shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

“Eng yaxshi metodist” yo‘nalishida Nurota tumanidagi 13-davlat MTT metodisti Umida Karimova, “Eng yaxshi fidokor tarbiyachi” yo‘nalishida Navbahor tumanidagi 1-davlat MTT tarbiyachisi Dilbar Muhammadiyeva, “Eng ijodkor-ixtirochi tarbiyachi” yo‘nalishida Uchquduq tumanidagi 2-davlat MTT tarbiyachisi Dilrabo G‘aniyeva, “Innovatsiya va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi” yo‘nalishida Uchquduq tumanidagi 14-davlat MTT tarbiyachisi Maftuna Fayziyeva, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi” yo‘nalishida Qiziltepa tumanidagi 17-davlat MTT tarbiyachisi Gulmira Azimova, “Eng yaxshi ma’naviy kamolotga yetaklovchi tarbiyachi” yo‘nalishida Uchquduq tumanidagi 5-davlat MTT tarbiyachisi Firuza Mamanova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ushbu ishtirokchilar tanlovning respublika bosqichida qatnashadi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari ijrosidagi kuy, qo‘shiq va raqslar barchaga a’lo kayfiyat ulashdi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri