“Eng yaxshi she’r” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Milliy gvardiya faoliyatini badiiy so‘z vositasida keng targ‘ib etish, Vatan himoyachilarining jasorati, matonati va yuksak fidoyiligini she’riyat orqali tarannum etish, shuningdek, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Eng yaxshi she’r” tanlovining Respublika bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi.
Mazkur tanlov iste’dodli ijodkorlarni hamda Milliy gvardiya safida xizmat qilayotgan she’riyat ixlosmandlarini bir maqsad atrofida jamladi. Hududiy bosqichlarda saralangan eng yaxshi ijodiy ishlar Respublika bosqichida o‘zaro bahslashdi.
Ishtirokchilarning she’rlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, taniqli shoir va adiblar hamda Milliy gvardiya vakillaridan iborat bo‘lgan hakamlar hay’ati tomonidan g‘oyaviy mazmun, Vatanga muhabbat va vatanparvarlik ruhining ifodasi, badiiy mahorat va mavzuning chuqur yoritilishi hamda muallifning ijodiy yondashuvi kabi mezonlar asosida baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlov g‘oliblari harbiy xizmatchilar va fuqarolar yo‘nalishlari bo‘yicha aniqlandi.
Tantanali taqdirlash marosimida faxrli o‘rin sohiblari diplom, pul mukofotlari hamda kitoblar to‘plami bilan rag‘batlantirildi.

Bunday ma’rifiy va ijodiy tanlovlar Milliy gvardiya faoliyatini keng targ‘ib etish, Vatanga sadoqat, xalq manfaatlariga fidoyilik, tinchlik va osoyishtalik kabi yuksak qadriyatlarni badiiy ijod orqali keng ommaga yetkazish bilan birga, iste’dodli ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va Milliy gvardiya bilan ijod ahli o‘rtasidagi ma’naviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
N.Rahmonova, O‘zA