Eng yaxshi ishlanma, startap va loyihalar
Andijon davlat texnika institutida "InnoWyeyek –2025" xalqaro ko‘rgazmasi doirasida ilmiy ishlanmalar, startap loyihalar va innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Olimlar, iqtidorli talabalar tomonidan yaratilgan ishlanmalarni tijoratlashtirish, ularning sotuvini amalga oshirish hamda ishlab chiqaruvchi va olimlar integratsiyasini ta’minlash, o‘zaro hamkorligini mustahkamlashga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilgan ko‘rgazmada Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, iqtidorli talabalarning ilmiy ishlanma, startap loyihalari va innovatsion mahsulotlari namoyish etildi.
– Ko‘rgazmada “Sement ishlab chiqarish korxonalarida energiya tejamkor qurilmalarni qo‘llash va changli gazlarning atmosferaga chiqishini kamaytirish” deb nomlangan startap loyiham bilan ishtirok edim, – deydi Andijon texnika instituti talabasi Ruxshona Mahammadova. – Ushbu loyihaga tashkilotchilar, ishlab chiqaruvchilar tomonidan alohida qiziqish bildirildi.
[gallery-24635]
Shuningdek, ko‘rgazmada xona chiroqlarini tabiiy yorug‘lik nuriga nisbatan avtomatik boshqarish imkonini beruvchi smart yoritish tizimi, uzumbog‘lar va ta’mirlash ishlarida foydalaniladigan ko‘chma mexanik shotini loyihalash va tatbiq etish singari qator loyihalar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
Ko‘rgazmada tadbirkorlar, yosh startap loyiha egalari hamda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar, yo‘lga qo‘yilgan xizmatlar ham namoyish etildi.
Tadbirda Innovatsion rivojlanish agentligi mutasaddilari tomonidan ishtirokchilar uchun amaliy seminar-trening o‘tkazildi. Venchur fondlar tomonidan ilg‘or, istiqbolli deb topilgan startap va loyihalarning moliyalashtirilishi belgilandi.
Mutasaddi va mutaxassislar tomonidan eng yaxshi va istiqbolli deb topilgan ilmiy ishlanma, startap va loyihalar oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan "InnoWyeyek-2025" xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga tavsiya etildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari