Eng yaxshi ishbilarmonlar saralandi
Termizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun an’anaviy “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Termizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun an’anaviy “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, uning rivoji yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarga chek qo‘yish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, soha subyektlarining erkin faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
“Tashabbus” ko‘rik-tanlovi xususiy sektor vakillarining o‘zaro tajriba almashishi, ishbilarmonlik qobiliyatini namoyon etishi uchun qulay imkoniyat yaratib, yuksak samaralarga erishayotgan tadbirkor, fermer va hunarmandlar mehnatini munosib rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda 10 mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 556 milliard 200 million so‘m kredit mablag‘i ajratilib, ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirildi. 37 ming yangi ish o‘rni yaratildi. Viloyat hududiy mahsulot ishlab chiqarishida kichik biznesning ulushi 75,5 foizga yetdi.
– Sog‘lom ona va bola yilida o‘tkazilayotgan tanlovning shahar va tuman bosqichlarida 450 dan ortiq tadbirkor, fermer va hunarmand o‘z mahsulotlarini namoyish etdi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘ra Bobolov. – Ular orasidan eng yaxshi deb topilgan 41 xususiy tadbirkorlik subyekti viloyat bosqichida qatnashmoqda.
“Eng yaxshi tadbirkor” yo‘nalishi bo‘yicha Angor tumanidagi “Tallashqon-Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Rustam Egamurodov birinchi o‘rinni egalladi. Sho‘rchi tumanidagi “Nurmat Xo‘jaqulov” fermer xo‘jaligi rahbari Xo‘shboq Ernazarov “Eng yaxshi fermer”, boysunlik Maftuna Azizova “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi bo‘yicha tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– Milliy hunarmandlik bilan shug‘ullanayotganimdan faxrlanaman, – deydi Maftuna Azizova. – Biz to‘qiyotgan gilam, kashta, ayollar sumkalari va boshqa buyumlar turli ko‘rgazmalarda munosib baholanmoqda, xorijliklar e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Bu bizni yanada ko‘proq izlanishga, yangi marralarga undayotir.
Tadbirda 10 ga yaqin qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi.