Eng yaxshi biznes loyihalar
Samarqandda “Mahalla taraqqiyoti uchun eng yaxshi biznes loyiha” respublika ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbir tashkilotchilarining ma’lum qilishicha, Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad mahallalar xududida amalga oshirish rejalashtirilgan biznes loyihalarni aniqlash va moliyalashtirish, biznes loyihalar tashabbuskorlarini rag‘batlantirishdir.

Marosimda so‘zga chiqqan Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari F.Abilov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Yo‘ldoshev va boshqalar yurtimizda tadbirkorlik faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ayniqsa, mahallalar rivojiga qaratilgan biznes loyihalarga e’tibor yuqori ekanligini ta’kidladi. Shu jihatdan mahalla fuqarolar yig‘inlari va tadbirkorlarda ayni tanlovga qiziqish yuqori bo‘lgani qayd etildi.

– Tanlovga kelib tushgan loyihalarni baholashda mahallarda yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va eksportni ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarga ustuvorlik berildi, – deydi Biznesni rivojlantirish banki Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshqaruvchisi J.Shodiyev. – Loyihalar tashabbuskorlari www.biznes-portal.uz elektron platformasi orqali ariza yuborib, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi ishtirokchisiga aylangan bo‘lishi tanlovning asosiy sharti sifatida belgilandi. Eng yaxshi deb topilgan biznes loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy etilgan tartib asosida bankimiz tomonidan imtiyozli shartlarda moliyalashtiriladi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Samarqand shahridagi “ADVANTAGE PRO" mas’uliyatini cheklangan jamiyati tomonidan taqdim etilgan loyiha birinchi o‘ringa munosib deb topildi. Keyingi o‘rinlar “IBRAGIMOV SHAROFIDDIN SAYFUTDINOVICH” yakka tartibdagi tadbirkor hamda Payariq tumanidagi “TRITON SANOAT QURILISH SERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga nasib etdi. Endi ular tanlovning mamlakat bosqichida ham ishtirok etadi.
– Penaplastdan binolar uchun turli xil bezaklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz, – deydi “ADVANTAGE PRO" mas’uliyatini cheklangan jamiyati rahbari Sergey Beker. – Faoliyat boshlaganimizga bu yil 10 yil to‘ldi va ayni paytda 50 nafardan ortiq xotin-qiz bandligini ta’minlaganmiz. Mazkur tanlov haqida eshitib, o‘z loyihamizni taqdim etdik. G‘olib bo‘lganimizdan xursandmiz. Biznes loyihamiz uchun beriladigan kreditga yangi texnologiyalar keltirib o‘rnatib, mahsulot turini ko‘paytirmoqchimiz, o‘z navbatida ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi.

Tanlovda, shuninglek, “Eng namunali kredit to‘lovchi”, “Eng faol ayol tadbirkor”, “Eng yosh tadbirkor”, “Eng salohiyatli tadbirkor”, “Eng innovatsion loyiha” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
“Mahalla taraqqiyoti uchun eng yaxshi biznes loyiha” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi g‘olib va sovrindorlari mustaqilligimizning 33 yilligi bayrami arafasida e’lon qilinadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari