Eng xavfli asteroidda suv borligi aniqlandi
OSIRIS-REx zondi Quyosh tizimidagi eng xavfli asteroid hisoblanuvchi “Bennu”da suv izlarini aniqladi, deyiladi NASA xabarida.
OSIRIS-REx zondi Quyosh tizimidagi eng xavfli asteroid hisoblanuvchi “Bennu”da suv izlarini aniqladi, deyiladi NASA xabarida.
NASA kosmik parvozlar markazi mutaxassisi Emi Saymonning qayd etishicha, yangi kashfiyot sayyoralarning birlamchi kimyoviy va izotop tarkibini oʻrganishga yordam beradi. Asteroiddan olingan namunalar yerga keltirilgach, olimlar quyosh tizimining ilk rivojlanish bosqichi haqida qimmatli maʼlumotlar olishi mumkin.
“Bennu“ shaklan “Ryugyu” asteroidiga (hozirda ushbu asteroidni Yaponiya missiyasi “Xayabusa-2“ oʻrganmoqda) oʻxshaydi. Yaqin olti oy ichida OSIRIS-REx asteroid sathining xaritasini tuzadi. Xarita asosida olimlar uning qayeridan 60 gramm atrofida namuna olishni aniqlaydi.
Agentlik rejalariga koʻra, zond 2019 yilning birinchi yarmida asteroiddan namuna olishi kerak. Agar jarayon muvaffaqiyatli amalga oshsa, quyosh tizimining birlamchi moddasi solingan kapsula yerga joʻnatiladi. Missiya ishtirokchilari taxmini boʻyicha joʻnatma 2023 yilning sentyabr oyida sayyoramizga yetib keladi. Saymonning qoʻshimcha qilishicha, zond Bennuga yaqinlashiboq ilk kashfiyotni amalga oshirgan. Yaʼni uning spektrometri asteroid sathida suv moddalari koʻp boʻlgan loysimon minerallar zaxiralarini aniqlagan.