Eng og‘ir mahallalardagi muammolar bartaraf etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati “Hududiy qurilish-montaj direksiyasi” Qoraqalpog‘iston hududiy filiali tomonidan shahar va tumanlardagi eng og‘ir deb topilgan mahallalarda qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
– Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilda davlat qarorlari asosida 0,4-110 kVli elektr uzatish tarmog‘ini, 12 ming 906 dona temir-beton ustuni, 406,1 km 0,4-6/10kV, 37,5 km 110kV elektr uzatish tarmog‘ini va 91 dona transformator punktini yangidan qurish va rekonstruksiya ishlarini bajarish loyihalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda amalda jami 4 ming 191 dona temir-beton ustuni, 0,4-6/10kV – 124,5 km, 35-110kV - 9 km elektr uzatish tarmog‘i va 23 dona transformator punktini yangidan qurish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Natijada jami 15 ming 200 dan ortiq xonadonning elektr energiyasi iste’moli yaxshilandi, – deydi “Hududiy qurilish-montaj direksiyasi” Qoraqalpog‘iston hududiy filiali direktori Nokisbay Utegenov.

Yuqorida qayd etilgan qaror asosida 87 ta mahallada 12 ming 906 dona temir-beton ustuni, 398,1 km uzunlikdagi 0,4-6-10 kV elektr uzatish tarmog‘i va 88 dona transformator punktini rekonstruksiya qilish va yangi qurilish ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Bu ishlarga 74 milliard 496,0 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Bugungi kunda amalda 4 ming 191 dona temir-beton ustuni va 121,6 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 23 dona transformator punktini yangidan qurish va rekonstruksiya ishlari bajarilib, bu boradagi ishlar davom etmoqda. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 dekabrdagi “2025 - 2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida 0,4-6/10kV - 2,9 km, 35-110kV - 37,5 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 1 dona podstansiya, 2 dona KRUN yangidan o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga 0,4-6/10kV - 2,9 km, 35-110kV - 9 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 1 dona podstansiya, 2 dona KRUN yangidan bajarilib, ishlar davom etmoqda. Bu ishlarga 54 milliard 493,3 million so‘m mablag‘ sarflash belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabr kungi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni asosida Amudaryo, Qonliko‘l va Ellikqal’a tumanlaridagi 3 ta mahallada 103 dona temir-beton ustuni, 5,1 km uzunlikdagi 0,4-6-10 kV elektr uzatish tarmog‘i hamda 3 dona transformator punktida rekonstruksiya va yangi qurilish ishlarini bajarish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda amalda 88 dona temir-beton ustunida, 7,8 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 1 dona transformator punktida ishlar bajarildi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasidagi ishlar chekka hududlarda ham olib borilmoqda. Taxtako‘pir tumani hududidagi eng og‘ir deb topilgan 5 ta mahallada qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini ta’kidlash joiz. Xususan, tumandagi “Qo‘ng‘irotko‘l”, “Mulk”, “Dauqara”, “Janadaryo” ovul fuqarolar yig‘inlarida hamda “Qorateran” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida jami 14,7 kilometrlik elektr tarmog‘ini SIP kabellariga almashtirish, 6 dona transformator punktini yangidan qurish hamda 340 dona temir-beton elektr ustunini o‘rnatish belgilangan.
Bugungi kunda ushbu yo‘nalishlarda qurilish ishlari izchil davom ettirilib, amalda 266 dona temir-beton ustuni va 6 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 1 dona transformator punktini yangidan qurish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. “Qo‘ng‘irotko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yangi quvvatdagi 100 kVa transformator punktini o‘rnatish ishlari olib borildi.
Hududlarda dastur ijrosi doirasidagi ishlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri