Eng mohir merganlar g‘olib bo‘ldi
Namanganda sportning yozgi Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgan havo miltig‘idan o‘q otish turi bo‘yicha viloyat hokimi kubogining ikkinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Namanganda sportning yozgi Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgan havo miltig‘idan o‘q otish turi bo‘yicha viloyat hokimi kubogining ikkinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tomonidan Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash, yoshlarni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan sport va jismoniy tarbiya tadbirlari doirasida tashkil qilindi.
Viloyat birinchiligida viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi, shahar va tumanlar o‘quv sport texnika klublarining 13 ta jamoasi tarkibida 9 yoshdan 31 yoshgacha bo‘lgan 170 nafardan ziyod, jumladan 80 nafarga yaqin sportchi qizlar ishtirok etdi.
Ikki kun mobaynida qizg‘in va murosasiz kechgan merganlik bellashuvlari natijasiga ko‘ra, havo miltig‘idan o‘q otish bahslarida birinchi o‘rinni qiz va o‘g‘il bolalar o‘rtasida D.Haydarova va J.Axmedov (Namangan shahar O‘STK), o‘smirlar qizlar o‘rtasida A.Sebova, (viloyat TASTM), o‘smirlar o‘rtasida D.Nazarov, ayollar o‘rtasida G‘.Yusupova, erkaklar o‘rtasida M.Ahmadaliev (Namangan shahri O‘STK) egalladi.
Havo to‘pponchasidan otish bo‘yicha o‘smir qizlar o‘rtasida A.Tarasova, o‘smirlar o‘rtasida M.Kamolov (viloyat TASTM), ayollar o‘rtasida K.Is’hoqova (Namangan shahar O‘STK) va erkaklar o‘rtasida V.Kondakov (viloyat TASTM) ga munosib raqib chiqmadi.
Umumjamoa hisobida viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi g‘oliblik shohsupasining eng yuqori pog‘onasini egalladi. Ikkinchi o‘rinni Namangan va uchinchi o‘rinni Uychi tumani O‘quv sport texnika klublari ishg‘ol etdi.
G‘olib va sovrindorlar tegishli darajadagi medallar, faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.