Eng faol blogerlar taqdirlandi
Yangi yil bayramiga ajoyib sovg‘a bo‘lgan kompyuterlarni viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari R.Pardaev o‘z egalariga tantanali topshirdi.
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov 40 ga yaqin bloger hamda tuman hokimlarining jamoatchilik bilan aloqa o‘rnatishda faollik ko‘rsatayotgan axborot xizmati rahbarlarini zamonaviy noutbuk bilan taqdirladi.
Yangi yil bayramiga ajoyib sovg‘a bo‘lgan kompyuterlarni viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari R.Pardaev o‘z egalariga tantanali topshirdi.
– So‘z – qudratli kuch, – deydi faol bloger, Termiz davlat universiteti 4 bosqich talabasi Inobat Karimova. – Shu bois ham keng jamoatchilikka aytayotgan har bir so‘zimizning mag‘zini chaqishimiz kerak. Keyingi yillarda biz, yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrimizni erkin, baralla yetkazishimiz uchun keng imkoniyat yaratildi. Joylardagi yutuq va muammolarni ochib berayapmiz. Bu jarayonda to‘g‘ri so‘zni aytishimiz, voqea va hodisalarni xaspo‘shlab ko‘rsatmasligimiz kerak. Bir necha yildan buyon mustaqil blogerman. Shu paytgacha o‘z so‘zimni jamoatchilikka yetkazishda qo‘l telefonimdan foydalanayotgan edim. Bu kompyuter mening imkoniyatlarimni yanada kengaytiradi.
– Dunyoda internet rivojlanib, ijtimoiy tarmoqlarda fikrlar xilma-xilligi shiddatli tus olgan hozirgi paytda yuz berayotgan yangilik va voqealarni tezkor jamoatchilikka yetkazish, odamlarda to‘g‘ri munosabat uyg‘otish zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi Qumqo‘rg‘on tumani hokimining axborot xizmati rahbari Nigora Jumaeva. – Mazkur noutbuk bizning bu boradagi ishimizni yanada yengillashtirib, keng jamoatchilikni tumanimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar, sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan tezkor xabardor qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda so‘zga chiqqan blogerlar so‘z erkinligi ta’minlanayotgan, joylarda adolatli jamoatchilik nazorati o‘rnatilayotgan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar Vatanimiz tinchligi, yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi uchun xizmat qilayotganini alohida qayd etib, bu jarayonning faol targ‘ibotchisi bo‘lish yo‘lida yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyat uchun minnatdorlik bildirdi.