Energiya tejamkorligi - kimyo sanoati iqtisodiy samaradorligining muhim omili
Bugungi kunda kimyo sanoatida energiya resurslaridan samarali foydalanish nafaqat ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish, balki mahsulot tannarxini pasaytirish va tarmoq raqobatbardoshligini oshirishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda.
Shu talablarga ko‘ra, “O‘zkimyosanoat” AJ tizimida ham “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish, energiya tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.
Mazkur tashkilot bosh mutaxassisi Farhod Boboyev bu haqda quyidagilargi gapirib berdi:
–O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2022-2026-yillarda yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosi doirasida “O‘zkimyosanoat” AJ korxonalari tomonidan 2022-2025-yillar davomida jami 191,4 million metr kub tabiiy gaz va 98,0 million kVt soat elektr energiyasi tejalishiga erishildi.
Jumladan, 2022-yilda 32,3 million metr kub tabiiy gaz va 27,8 million kVt soat elektr energiyasi, 2023-yilda 21,2 million metr kub tabiiy gaz va 18,9 million kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. 2024-yilda ko‘rsatkichlar yanada o‘sib, 59,7 million metr kub tabiiy gaz va 20,5 million kVt soat elektr energiyasi tejaldi. 2025-yilda esa 78,2 million metr kub tabiiy gaz va 30,8 million kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinishi ta’minlandi.
Joriy yilning birinchi choragida ham ijobiy natijalar qayd etildi. Tarmoq bo‘yicha 10,1 million metr kub tabiiy gaz va 4,3 million kVt soat elektr energiyasi tejaldi. Xususan, “Navoiyazot” AJda bug‘ qozon sexida tabiiy gaz o‘rniga atsetilen ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan sintez-gazdan foydalanish hisobiga 6,8 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilindi.
“Qo‘ng‘irot soda zavodi” MCHJ XKda eskirgan distillyatsiya usulidagi suvni tuzsizlantirish uskunasi o‘rniga teskari osmos texnologiyasi asosida yangi uskuna o‘rnatildi. Natijada suv tozalash quvvati soatiga 75 metr kub dan 135 metr kubgacha oshirildi hamda 1,3 million metr kub tabiiy gaz va 189,8 ming kVt soat elektr energiyasi tejaldi.
Shuningdek, texnologik agregatlarni yuklamaga mos ravishda boshqarish va bekor turishlarni qisqartirish orqali 2 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilindi. Tarmoq korxonalarida 5 ta chastotali boshqaruv qurilmasi o‘rnatilib, 8 ta eski elektrdvigatel energiya tejamkor zamonaviy dvigatellarga almashtirildi. Buning natijasida 610,1 ming kVt soat elektr energiyasi tejaldi.
“Sinoma Energy” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Navoiyazot” AJ suv sovitish tizimiga 6 ta energiya tejamkor nasos o‘rnatildi. Natijada 2026-yil birinchi choragida 3,5 million kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishildi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish ham tarmoqdagi ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda tarmoq korxonalarida umumiy quvvati 12,2 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi. Ushbu quvvatlar hisobiga 15,2 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Jumladan, “Navoiyazot” AJda 5,7 MVt, “Maxam-Chirchiq” AJda 1,3 MVt va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda 2,5 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari foydalanishga topshirildi.
Navoiy viloyatida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi belgilangan. Loyiha doirasida yillik 704 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning asosiy qismi “Navoiyazot” AJ ehtiyojlari uchun yo‘naltiriladi.
Kimyo sanoatida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha modernizatsiya ishlari ham izchil davom etmoqda. “Maxam-Chirchiq” AJda “yashil vodorod” ishlab chiqarish loyihasi doirasida 52 MVt shamol elektr stansiyasi va yillik 3 000 tonna “yashil vodorod” ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Ushbu loyiha orqali korxonada yillik 16,0 ming tonna “yashil ammiak” ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, “Navoiyazot” AJda azot kislotasi ishlab chiqarish agregatlarini modernizatsiya qilish orqali yillik 9,0 million metr kub tabiiy gaz tejalishi kutilmoqda. Germaniyaning “Linde GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi havo ajratish bloklarini ishga tushirish hisobiga esa yillik 25 million kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinishi rejalashtirilgan.
“Maxam-Chirchiq” AJda esa yangi energiya samarador “Havo ajratish” bloki qurilishi natijasida yillik 40,0 million kVt soat elektr energiyasini tejash imkoniyati yaratiladi.
Bugungi kunda kimyo tarmog‘ida amalga oshirilayotgan har bir energiya tejamkor loyiha iqtisodiy samaradorlikni oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish va mamlakat energetik xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu ishlar “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonida kimyo sanoatining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.