Energetika tizimida sog‘lom turmush tarziga e’tibor kuchaymoqda
Prezidentimizning 2026-yil 5-fevralda “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilindi. Mazkur oylik doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar va harbiy ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar hamda mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirilishi ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati mazkur qarorning ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, tashkilot tasarrufidagi idoraviy qo‘riqlash bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari tashkil qilindi. Bu tadbirlar nafaqat sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, balki jismoniy hamda ma’naviy salohiyatni rivojlantirishda ham muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Ikki kunlik dastur doirasida ishtirokchilar qisqa masofaga yugurish, turnikda tortilish va tibbiy tayyorgarlik bo‘yicha bellashdi. Shuningdek, ular o‘z nazariy bilimlarini test savollari asosida namoyon etish imkoniga ega bo‘ldi. Bunday kompleks yondashuv nafaqat sport mahoratlarini oshirish, balki hamkasblar orasida sog‘lom raqobat va birdamlik ruhini mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida “O‘zbekiston” nashriyoti bilan hamkorlikda kitob yarmarkasi ham tashkil etildi. Kitoblar va ma’rifiy nashrlar yarmarkasi ishtirokchilarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, ularda ta’limga bo‘lgan qiziqish va ilmga intilishni yuzaga chiqarishda muhim rol o‘ynadi.
Muxtasar aytganda, “Amir Temur oyligi” faqat tarix va madaniyatni targ‘ib qiladigan emas, balki energetika tizimidagi xodimlarning sog‘lom turmush tarzi va ma’naviy rivojlanishiga ham xizmat qiladigan keng ko‘lamli loyihaga aylanmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA