Energetika sohasida strategik hamkorlik istiqboli
Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Saudiya Arabistoni Podshohligi axborot agentligi – “SPA” xabar berishicha, Texnik va kasb-hunar ta’limi korporatsiyasiga qarashli muassasalardan biri, mamlakat g‘arbidagi Rabig‘ shahrida joylashgan Energetika va suv akademiyasi “ACWA Power” bilan strategik sheriklik doirasida Sirdaryo viloyatidagi Shirin energetika kolleji bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yganini e’lon qildi.
Bu ikki davlat hamkorligini kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida energetika sohasida bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.
Akademiya bosh direktori Toriq bin Muhammad Ash-Shamroniy aytishicha, hamkorlik xodimlar salohiyatini oshirish, kadr tayyorlash imkoniyatini kengaytirish, malaka oshirish rejasi asosida amalga oshiriladi va talabalar va tadqiqotchilar, tadqiqot, ishlanmalar almashinuvi, o‘quv kurslari tashkil etish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
O‘z navbatida, qayta tiklanadigan va toza energiya bo‘yicha mamlakatimizning yetakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Shirin energetika kolleji ma’muriyati ham hamkorlik mustahkamlanishidan manffatdorligini tasdiqladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA