Energetika, siyosat va urush: XXI asr mojarolari resurslar tufaylimi?
XXI asr geosiyosiy manzarasida kuchlar muvozanati faqat harbiy salohiyat yoki mafkuraviy ta’sir emas, balki resurslar ustidan nazorat bilan ham belgilanmoqda. Ayniqsa neft, gaz, uran va hatto “yashil energiya” uchun zarur strategik moddalar atrofidagi raqobat global siyosat markaziga chiqdi. Zero, dunyoda sodir bo‘layotgan ko‘plab mojaro va ziddiyatlar ortida aynan energetika manfaati yotgani tobora oydinlashmoqda.
So‘nggi yillarda xalqaro tahlil markazlari, jumladan BMTga qarashli tashkilotlar, Xalqaro energetika agentligi (IEA) va boshqa nufuzli tuzilmalar hisobotlarida energetika global xavfsizlikning ajralmas qismi sifatida baholanmoqda. Ya’ni, energiya resurslari uchun raqobat nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki davlatlar o‘rtasidagi siyosiy munosabatga bevosita ta’sir ko‘rsatib, hatto harbiy qarama-qarshilikka ham olib kelmoqda.
Masalan, Rossiya – Ukraina urushi energiya omili zamonaviy geosiyosatda qanday ahamiyatga egaligini yaqqol namoyon qildi. Yevropa davlatlari RF gaziga yuqori darajada bog‘liqligi urush boshlangach, jiddiy inqiroz xavfini keltirib chiqardi. Natijada Yevropa Ittifoqi energiya ta’minotini diversifikatsiya qilish, ya’ni yangi manbalar va hamkorlar izlashga majbur bo‘ldi. Ayni payt Rossiya ham o‘z eksport yo‘nalishini Osiyo bozoriga burish orqali yangi geoiqtisodiy strategiya shakllantirishga kirishdi.
Qolaversa, Yaqin Sharqdagi keskinlik ham energetika va siyosat o‘rtasidagi murakkab bog‘liqlikni yanada chuqurlashtirmoqda. Eron – Isroil ziddiyati, Qizil dengiz orqali o‘tadigan transport yo‘laklaridagi xavfsizlik muammosi neft narxi o‘zgaruvchanligi va global ta’minot zanjiri uzilishiga sabab bo‘lmoqda. Ekspertlar ta’kidlashicha, energetika infratuzilmasi – quvur, terminal va portlar zamonaviy mojaroda strategik nishon sifatida ko‘rilyapti.
Bundan tashqari XXI asrda energetika raqobati faqat an’anaviy resurslar bilan cheklanmayapti. Yashil energetikaga o‘tish jarayoni ham yangi turdagi geosiyosiy raqobatni shakllantirmoqda. Ma’lumki, litiy, kobalt va nikel elektr energiyasi akkumulyatori va qayta tiklanuvchi energiya texnologiyasi uchun asosiy resurs hisoblanadi. Ayni shu jihat Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyoda joylashgan tabiiy zaxiraga ega davlatlarni global siyosatda ahamiyat kasb etuvchi yangi ishtirokchilarga aylantirmoqda.
Taniqli geosiyosatshunoslardan biri “energetika resurslari ustidan nazorat XXI asrda hududiy nazoratdan kam ahamiyatga ega emas” deya ta’kidlaydi. Boshqa ekspertlar guruhi esa, energiya manbalari ustidan nazorat nafaqat iqtisodiy ustunlik, balki siyosiy bosim o‘tkazish vositasi sifatida ham qo‘llanayotgani bois, bugungi mojarolarni “resurslar urushi” deb atash taklifini ilgari surmoqda.
Global energetika bozoridagi bunday o‘zgarish mamlakatlar o‘z tashqi siyosat strategiyasini tubdan qayta ko‘rib chiqishiga olib kelyapti. Ayniqsa energiya importiga bog‘liq mamlakatlar uchun energetik mustaqillik masalasi milliy xavfsizlik darajasiga ko‘tarilmoqda. Energiya eksport qiluvchi davlatlar esa o‘z resurslaridan geosiyosiy ta’sir vositasi sifatida foydalanishga intilmoqda.
Yangi transport va logistika yo‘laklari uchun kurash ham raqobatning ajralmas qismiga aylandi. Quvur yo‘nalishi, dengiz yo‘li va temir yo‘l infratuzilmasi atrofidagi kelishmovchilik ayrim hollarda siyosiy inqirozni battar chuqurlashtirmoqda. Bu jarayonda Markaziy Osiyo kabi strategik hududlar ham qudratli davlatlar manfaati to‘qnashuvi markaziga aylanmoqda. Shu tariqa XXI asrda energetika, siyosat va urush o‘rtasidagi bog‘liqlik yangi bosqichga chiqdi.
Global jarayonning yana bir muhim jihati shundaki, energetika resurslari atrofidagi raqobat endi an’anaviy urush shakli bilan cheklanmayapti. Zamonaviy sharoitda iqtisodiy sanksiya, logistika cheklovi va texnologiyaga kirish imkoniyatini nazorat qilish kabi vositalar ham energetik bosimning samarali mexanizmiga aylandi. Masalan, ayrim yurtlarga nisbatan joriy etilgan sanksiya nafaqat iqtisodiyot, balki global energiya bozoridagi narx va ta’minot barqarorligiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu holat energiya siyosiy vosita sifatida qo‘llanayotganiga yana bir dalil.
Shu o‘rinda Xitoyning energetika strategiyasi alohida e’tiborga loyiq. Ushbu davlat energiya import qiluvchi yirik bozor bo‘la turib, qayta tiklanuvchi energiya texnologiyasi ishlab chiqarishda yetakchiga aylandi. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida energetika infratuzilmasiga sarmoya kiritish, quvur va elektr tarmog‘ini rivojlantirish XXRning geosiyosiy ta’sirini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ekspertlar fikricha, Pekin shunday siyosat bilan uzoq muddatli resurs xavfsizligini ta’minlashga intilishi kelajakda yangi raqobat o‘chog‘ini shakllantirishi mumkin.
Boshqa tomondan Yevropa Ittifoqi va AQSHning “yashil o‘tish” siyosati ham global kuchlar muvozanatiga ta’sir etmoqda. Karbon chiqindini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish va uglerod solig‘ini joriy etish kabi choralar ayrim davlatlar uchun yangi moliyaviy qiyinchiliklar keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa iqtisodiyoti neft va gaz eksportiga bog‘liq o‘lkalar o‘z rivojlanish modelini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Shu jihatdan energetika transformatsiyasi jarayoni ham yangi turdagi geosiyosiy qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlagan yana bir muhim masala energetika infratuzilmasining zaifligi va mojaroda nishonga aylanishi xavfidir. Kiber hujum, bosqin yoki harbiy harakat orqali elektr stansiyasi, neft quvuri va gaz terminaliga zarar yetkazish holatlari ko‘paymoqda. Bu esa energiya ta’minoti uzilishi orqali butun mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli, energetika xavfsizligi tushunchasi endi faqat resurslar mavjudligi bilan emas, balki zaxirani himoya qilish qobiliyati bilan ham o‘lchanmoqda.
Markaziy Osiyo misolida ham shu tendensiya aniq ko‘zga tashlanadi. Boy energetika va tranzit salohiyatiga ega mintaqamiz yirik davlatlar diqqat markazida turibdi. Gaz va elektr energiyasi almashinuvi, gidroenergetika loyihalari va transport yo‘laklari atrofidagi kelishuvlar bu hududni strategik ahamiyatga ega makonga aylantirmoqda. Shu bilan birga suv-energiya muammosi ham kelajakda ehtimoliy ziddiyat manbai sifatida ko‘rilyapti. Natiajada mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan energetika sohasida barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi xalqaro hamkorlik ahamiyati ortmoqda. To‘g‘ri, ko‘p tomonlama kelishuv, umumiy qoida va shaffof bozor mexanizmi resurslar uchun keskin raqobatni yumshatish imkonini beradi. Binobarin, amaliyot davlatlar ko‘pincha milliy manfaatni ustuvor qo‘ygan holda, alohida siyosat yuritishni ma’qul ko‘rayotganini ko‘rsatmoqda. Oqibatda global kelishuvga erishish murakkablashmoqda.
Xulosa qilib aytganda, XXI asrda resurs masalasi xalqaro munosabatlar tizimining muhim omiliga aylandi. Endilikda energetika shunchaki iqtisodiy taraqqiyot asosi emas, balki siyosiy ta’sir, strategik ustunlik va xavfsizlikni ta’minlash vositasi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. Shu bois, kelgusida ham energiya manbalari atrofidagi raqobat turli shaklda davom etishi taxmin qilinyapti. Masalaning yechimi esa o‘zaro manfaatli hamkorlik va barqaror rivojlanish tamoyilini ilgari surish orqali topilishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA