Endilikda pudrat tashkilotlarining reytingi ishlab chiqiladi
Unda bir qator o‘zbek qurilish kompaniyalari qatori turkiyalik ishbilarmonlar ham ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” doirasida uchrashuv tashkil etildi.
Unda bir qator o‘zbek qurilish kompaniyalari qatori turkiyalik ishbilarmonlar ham ishtirok etishdi.
– Kompaniyamiz tajribasi va loyihalari o‘z yurtimizda samarali amaliyot sifatida munosib baholanadi, – deydi Turkiyaning “Enterge” kompaniyasi rahbari Kemal Okumush. – Zamonaviy tajribamizni ikki yildan buyon Toshkentdagi yangi binolar qurilishida ham qo‘llab kelmoqdamiz. Zero, O‘zbekiston ko‘plab sohalarda, ayniqsa, qurilishda ham taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga o‘tmoqda. Biz mana shunday muhim bir jarayonda O‘zbekiston va Turkiya davlatlari aloqalaridagi do‘stona hamkorlik ishlarida ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz.
Qayd etish kerakki, 2020 yilda Qurilish vazirligi sohada shaffoflikni ta’minlash maqsadida tizimni to‘liq raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratadi va bu boradagi amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarning aniq rejalari ishlab chiqilgan. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasining shaharsozlik bosh rejasi joriy yilning 1 martidan ishga tushiriladi. Yurtimizda ish boshlamoqchi bo‘lgan xorijiy investorlar qaerda, qanday qurilish ishlarini olib borish mumkinligini shu tizim orqali bemalol bilib olishlari mumkin bo‘ladi.
Qurilish nazoratini to‘liq raqamlashtirish, qurilish ekspertizasini raqamlashtirish kabilar bilan bir vazirlik rasmiy saytiga qurilish jarayoni kalkulatori joylashtirish masalasi ham tadbir ishtirokchilariga ma’lum qilindi. Bu nima degani? Istagan kishi, yurtdoshlarimiz yoki xorijiy investorlar undan bemalol foydalanishi mumkin. Misol uchun, O‘zbekistonda biror bir ob’ekt qurmoqchisiz. Buning uchun ishni nimadan boshlash kerak? Qanday jarayonlardan o‘tiladi? Qaysi hujjatlar talab etiladi, hatto sarflanadigan mablag‘ va vaqt hajmi ham unda aniq ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Shuningdek, tadbirda ilg‘or davlatlar tajribasini o‘rgangan holda qurilish ishlarini tenderini yagona mukammal portalini ishlab chiqish zarurligi ham qayd etildi. 2020 yil iyul oyiga qadar rivojlangan xorijiy davlatlar mutaxassis — konsultantlari bilan mukammal tender portali tayyorlanadi. Natijada Davlat dasturlari yagona portal orqali raqamli shaklda bo‘ladi va shaffoflik ta’minlanadi.
Yana bir gap. Endilikda pudrat tashkilotlarning reytingi ishlab chiqilib, ularning ishchi muhandislari sifatini baholovchi reyting tizimi yaratiladi. Unda ishchi muhandislarning kasbiy bilimi, korxona bajargan ishlar ko‘lami, bankdagi hisobi va shu kabi omillar hisobga olinadi.