“Endi men ham saylovda qatnasha olaman!”
2020 yilning 13 mart kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun oradan 6 oy o‘tib kuchga kirgach, bir necha o‘n yillab mamlakatimiz fuqaroligini ololmay yurgan yuzlab jizzaxliklarning ham orzulari ro‘yobga chiqmoqda.
Mamlakatimizda barcha soha va yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, yuritilayotgan oqilona siyosat samarasida ko‘plab sohalarda fuqarolarimiz uchun keng va katta imkoniyatlar berilib, qulayliklar yaratilmoqda. Pasport tizimida ham O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishdagi qonunning soddalashtirilgani va yaratilgan imkoniyat sabab Baxmal tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Qurbonzo‘r qishlog‘ida istiqomat qilib kelayotgan Nodira Rahmonqulovaning 30 yillik orzusi amalga oshdi.

Asli Tojikiston Respublikasida tug‘ilib, O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan Nodira shu kunga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasi bilan yashab kelayotgan edi.
– To‘g‘risi, fuqaroligim bo‘lmaganidan ko‘p hollarda rosa ko‘nglim o‘ksigan, – deya o‘tgan yillarini xotirlaydi Nodira Rahmonqulova. – Bankdan kredit olay, desam, “Sizning fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomangizga kredit berilmaydi” deyishardi. Shifoxonaga tushib qolsam, fuqaroligim bo‘lmagani uchun qo‘shimcha pul to‘lashimga to‘g‘ri kelardi. Hatto, yangi olgan qo‘l telefon apparatimga raqam olish uchun borganimda “Bu hujjatingizga nomer beraolmaymiz”, deyishgan. Ayniqsa, qo‘ni-qo‘shnilarim, bir-birlarini chaqirishib, saylovga ketishayotganida uyning bir burchagiga yashirinib, yig‘lagan kezlarim ham bo‘lgan.

Kuni kecha tuman pasport stolidan qo‘ng‘iroq qilib, men O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganimni, borib pasportimni olishim mumkinligini aytishganida, quvonchdan yig‘lab yubordim. Barcha o‘zbekistonliklar bilan teng huquqqa ega bo‘lganimdan boshim osmonga yetdi. Endi, hamma qo‘ni-qo‘shnilarim bilan bir safda men ham joriy yilning 27 oktyabr kuni saylovda ishtirok etaolaman. Shu kunlarga yetishni men roppa-rosa 30 yil kutganman.
2020 yilning 13 martida davlatimiz rahbari tomonidan imzolanib, o‘sha yilning 15 sentyabridan boshlab amalga kirgan, nomi yuqorida zikr etilgan qonunga asosan Nodira Rahmonqulova O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olindi va unga Baxmal tuman IIB M va FRB vakili fuqarolik pasporti(ID karta)ni topshirdi. Endi Nodira Rahmonqulova ham saylovda ishtirok eta oladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri