Elnurbek mamlakat bosqichiga boradi
Urganchda “Yosh siyosatchi – 2016” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Urganchda “Yosh siyosatchi – 2016” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda uning quyi bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 11 nafar yoshlar ishtirok etdi. Ular ijtimoiy loyiha taqdimoti, savol-javob va notiqlik san’ati bo‘yicha o‘z bilim va mahoratini namoyish qildi.
Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar samarasida yoshlarimiz xalqaro miqyosda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Yoshlar o‘rtasida ushbu tanlovga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga ortib bormoqda, – deydi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi sektor mudiri Alisher Jumaniyozov. – Joriy yilda tanlovning tuman va shahar bosqichlarida mingdan ortiq yoshlar faol ishtirok etgani fikrimiz tasdig‘idir.
Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali talabasi Elnurbek Karimov eng yuqori ball to‘plab, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.