Elizabet Turk: Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning boy tarixi va zamonaviy taraqqiyotini namoyon etadi
BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi Iqtisodiy hamkorlik va savdo bo‘yicha direktori Elizabet Turk V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Markaz faoliyati bilan tanishgan xalqaro ekspert yurtimizning boy tarixi, madaniyati va ilmiy merosi unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
– Men Avstriyadanman va biz o‘z tariximiz, musiqamiz, madaniyatimiz hamda buyuk ijodkorlarimiz bilan faxrlanamiz, -dedi u O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. Biroq bu yerda shunchalik boy madaniyat, qadimiy yozma manbalar, noyob musiqa asboblari va tarixiy meros namunalarini ko‘rish men uchun alohida tajriba bo‘ldi. Markazda namoyish etilgan ekspozitsiyalar O‘zbekistonning naqadar boy sivilizatsion merosga ega ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Uning qayd etishicha, ekspozitsiyalarda nafaqat madaniy va ma’rifiy meros, balki o‘lkamizning iqtisodiy taraqqiyoti tarixi ham o‘z aksini topgan.
– Men bu yerda mintaqa qishloq xo‘jaligi, mineral resurslar va qadimgi iqtisodiy hayot haqida ham ko‘p ma’lumot oldim. Ayniqsa, suvni uzoq masofalarga yetkazish va sug‘orish tizimlarini tashkil etish bo‘yicha yaratilgan yechimlar o‘sha davr uchun ulkan ixtiro bo‘lganini ko‘rish qiziq bo‘ldi. Biz Yevropada Buyuk Ipak yo‘li tarixi haqida ko‘p eshitganmiz. Bugun esa o‘sha buyuk tarixning manbalari bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldim, – deydi BMT vakili.
Suhbat davomida mehmondan Islom sivilizatsiyasi markazining yaqinda Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgani haqidagi fikri ham so‘raldi.
– Bu haqda aynan shu yerda bildim. Avvalo, bu bilan tabriklayman. Rostini aytsam, bundan hayratlanmadim. Chunki bu haqiqatan ham betakror markaz. Eng muhimi, bu yerda islomgacha bo‘lgan davr tarixi ham, islom sivilizatsiyasi tarixi ham zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirilgan holda taqdim etilgan. Raqamli installyatsiyalar, interaktiv yechimlar va virtual texnologiyalar tashrif buyuruvchiga tarixni nafaqat ko‘rish, balki his qilish imkonini ham beradi, – dedi xalqaro ekspert.
Uning ta’kidlashicha, markazdagi multimedia va virtual voqelik texnologiyalari tarixiy merosni keng jamoatchilikka yetkazishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi.
– Bu yerda inson o‘zini tarix ichida his qiladi. Qadimgi allomalar va mutafakkirlar dunyosiga go‘yoki sayohat qiladi. Bu nafaqat muzey, balki tarix, ilm-fan va ma’rifatni zamonaviy tilda so‘zlatuvchi noyob maydondir. O‘zbekiston o‘zining tarixiy merosi va donishmandlik an’analarini jahon hamjamiyatiga namoyish etish uchun juda ta’sirchan platformani yaratgan, – dedi Elizabet Turk.
BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi vakili tashrif yakunida O‘zbekistonga yana qaytish niyati borligini bildirib, mamlakatning madaniy merosi va mehmondo‘stligi unda unutilmas taassurot qoldirganini ta’kidladi.
Dilshod Hakimov,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA