Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish yangi bosqichga olib chiqiladi
“Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–325-son, 12.09.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1-oktabrdan boshlab elektrotexnika sanoati korxonalari uchun aylanma mablag‘lar bilan ta’minlashga tijorat banklari orqali quyidagi shartlarda kreditlar ajratiladi:
– “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (Kompaniya) mablag‘lari hisobidan 2 yil muddatgacha 3 oylik imtiyozli davr bilan yillik 6 foiz (shundan 2 foiz bank marjasi) stavkada bitta tadbirkor uchun ko‘pi bilan 5 mln AQSH dollari miqdorida;
– kreditning 50 foiziga, biroq 20 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan miqdorda “Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi” AJ hisobidan kafillik, qolgan qismiga – korxona tomonidan likvidli mol-mulk, sug‘urta polisi, eksport shartnomasi (kelgusidagi pul tushumlariga talab huquqi asosida) yoki boshqa turdagi ta’minot taqdim etiladi;
Birja savdolari orqali mis xomashyosini xarid qilishda hisob-kitob qilishning quyidagi tartibi joriy qilinadi:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15 oktabrdagi PQ–304-son qarorining 6-bandiga muvofiq ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilmagan qismi hisobidan Kompaniya tomonidan “O‘zsanoateksport” AJga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 40 mln. AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi;
– Birja savdolarida mis xomashyosini xarid qilishda 25 foiz to‘lov korxona tomonidan, qolgan 75 foiz to‘lov “O‘zsanoateksport” AJ tomonidan 3 kun ichida amalga oshiriladi. Bunda bitta tadbirkorlik sub’ektining “O‘zsanoateksport” AJ oldidagi qarzdorligi 3 mln. AQSH dollaridan ortiq bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
– korxonalar tomonidan “O‘zsanoateksport” AJ oldidagi majburiyatini ta’minlash uchun sug‘urta polisi taqdim etiladi;
– “O‘zsanoateksport” AJ tomonidan amalga oshirilgan 75 foiz miqdoridagi to‘lov korxonalar tomonidan 90 kun ichida qaytariladi. Bunda kechiktirib to‘lash imkoniyati berilgan har bir kun uchun yillik 6 foiz stavkada foiz hisoblanadi.
O‘zA