Elektron sigaretalardan bolangizni asrang!
So‘nggi yillarda elektron sigaretalar keng ommalashdi. Ushbu sigaretalar hamda akkumulyatordan quvvatlanadigan boshqa bug‘latgichlar ilk marotaba 2003 yilda Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lib, AQSH bozoriga 2007 yilda chiqdi. Ajablanarlisi shuki, 2016 yilda elektron sigaretalar foydalanuvchilarining taxminan 54 foizi kattalar edi.
Jaxon sog‘liqni saqlash tashkiloti tamaki iste’mol qilish xususida kattalar o‘rtasidagi global so‘rovni o‘tkazdi. Mazkur tadqiqotda elektron sigaretalar haqidagi xabardorlik va ulardan foydalanilishi demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflar bo‘yicha o‘rganilgan. So‘rovga 15 yoshdan katta aholi jalb qilindi. JSST ning 6 ta turli mintaqalaridan 14 ta davlat tanlab olindi, bu mamlakatlarda Kattalar o‘rtasida tamaki iste’mol qilinishining global tadqiqoti – GATS 2011–2017 yillar kesimida turli davrlarda olib borilgan.
Bugunga kelib, elektron sigaretalardan foydalanish yoshlar orasida odatiy hol bo‘lib qoldi. Olimlarni sigaretaning bunday keng foydalanilishi kelajakda epidemiyaga olib kelishi mumkinligi tashvishga soladi.
Ko‘p sonli ilmiy tadqiqotlar elektron sigaretalarning sog‘liqqa salbiy ta’sirini isbotlamoqda. Bolaning rivojlanayotgan miyasi ayniqsa elektron sigaretalar tarkibidagi nikotinga ta’sirchandir. Shuningdek, o‘smirlarda nikotinga qaramlik tezroq hosil bo‘lishi ilmiy isbotlangan. Ko‘plab izlanishlar natijalarining ko‘rsatishicha, har kuni tamaki chekadigan kattalarning 90 foizi kashandalikni 18 yoshdan boshlagan. Shunday qilib, elektron sigaretalar nikotinga qaram bo‘lgan yangi avlodni yetishtirib chiqarishga yordam beradi.
Nikotin katta odam miyasiga qaraganda o‘smirning miyasiga ancha jiddiy va barqaror shikastlovchi ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan. Bolalarda e’tiborsizlik, past o‘zlashtirish, xotira, intellekt va ijro funksiyalarining pasayishi kuzatiladi. O‘smirlarning elektron sigareta iste’mol qilishi giperfaollikni va hulq-atvordagi impulsiv o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi, mushtlashishlar, o‘z joniga qasd qilish va alkogol iste’mol qilish xavfi oshadi.
Jahon matbuotida elektron sigaretalardan foydalanilishi yoshlarning oddiy sigaretalarga yoki shimiladigan tamaki (nosvoy)ga o‘tib ketishi ehtimolini oshirishi haqidagi maqolalar soni ortib bormoqda. Elektron sigaretalarni iste’mol qilgan o‘smirlar keyinroq boshqa turdagi tamaki mahsulotlarini ham iste’mol qilganligini 3,6 baravar ko‘p tan olmoqda.
Tijoriy mahsulotlarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, elektron sigaretalarda 1 dan 36 mg/ml gacha nikotin bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, sog‘liq uchun xavfli aromatizatorlar, ingrediyentlar tarkibida ko‘rsatilmagan qo‘shimchalar ham uchraydi. Elektron sigaretalar tarkibiga kirgan moddalarni qizdirish sog‘liq uchun xavf tug‘diradigan qo‘shimcha toksikantlarni hosil qiladi. Elektron sigaretalardagi aromatizatorlar DNKning shikastlanishi, kanserogenez, hujayra darajasidagi, molekulyar va immunologik toksiklikni, respirator, yurak-tomir va nevrologik buzilishlarni keltirib chiqaradi.
Elektron sigaretalarni ishlatadigan qizlarga ular homilador bo‘lganlarida ham chekishdan voz kechish qiyin bo‘ladi. Chunki nikotin platsenta to‘qimasiga o‘ta oladi, nikotinning homila suyuqliklaridagi konsentratsiyasi ona zardobidagidan oshib ketadi. Nikotinning chaqaloqlarda to‘satdan o‘lim sindromi rivojlanishiga, shuningdek keyinchalik o‘pka kasalliklari yuzaga kelishiga aloqadorligi isbotlangan.
Maktab o‘quvchilari elektron sigaretalarni yashirish osonligini ta’kidlashadi, hid va tamaki mahsuloti iste’mol qilinganining boshqa izlari bo‘lmagani sababli ularni ota-onalar topib olishidan xavotirlanmasa ham bo‘ladi.
O‘zbekistonda 2021 yilda 13-15 yoshdagi o‘smirlar tomonidan tamaki iste’mol qilinishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan global so‘rov (GYTS) shuni ko‘rsatdiki, hozir tamaki iste’mol qilayotgan o‘smirlar 1,7 foizni, qachonlardir tamaki iste’mol qilganlar 7,7 foizni tashkil qiladi, elektron sigaretalarni esa 0,7 foiz o‘smirlar iste’mol qiladi, qachonlardir elektron sigaretalarni chekkan o‘smirlar esa 2,1 foizni tashkil qiladi.
Agar zarur choralar ko‘rilmasa, elektron sigaretalarni chekish muttasil ko‘payib ketaveradi. Ayniqsa, yoshlar va ayollar orasida iste’mol qilinishi muqarrar ravishda ortib boraveradi. Jahon amaliyoti shuni namoyon qilmoqdaki, tamaki mahsulotlariga nisbatan aksizlar va soliqlarni oshirish kelajak avlod salomatligi uchun kurashda eng yaxshi natijani beradi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA