Elektr tarmoqlari kuz-qish mavsumiga shaylanmoqda (+video)
Kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, sanoat korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, havo harorati pasayib, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ortishi tarmoqlarning ishonchliligini tekshirish, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish va favqulodda holatlarga tezkor javob qaytarishni talab etadi.
Bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent hududiy filiali tasarrufida 7 ming 617 ta transformator punkti va 24 ming 466 kilometr elektr uzatish tarmog‘i mavjud. Ushbu tizim orqali jami 36 ming 938 nafar yuridik shaxs va 772 ming 896 nafar aholi elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda. Bu raqamlarning o‘ziyoq elektr tarmoqlarining barqaror ishlashi kundalik hayot va hudud iqtisodiyoti uchun naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.

Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yuklamalarni hisobga olgan holda tarmoqlarni texnik jihatdan tayyorlash ishlari yil davomida bosqichma-bosqich olib boriladi. Xususan, 2026-yil yanvar–avgust oylarida 2 ming 631,7 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 785 ta transformator punktida mukammal ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur vazifalar to‘liq bajarildi.
Yillik joriy ta’mirlash rejasi doirasida esa 6 ming 930 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 2 ming 232 ta transformator punktida ishlarni amalga oshirish belgilangan. Bu yil 2-sentabr holatiga 6 ming 278,93 kilometr tarmoq va 1 879 ta transformator punktida joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan. Bunday profilaktik ishlar, avvalo, tarmoqlarning qishki yuklamalarga tayyorligini oshirish, eskirgan va ta’mirtalab qismlarni barvaqt aniqlash hamda elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan.

Sovuq kunlarda zarur ehtiyot qismlar va materiallar zaxirasini shakllantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda markaziy hamda tuman-shahar omborlarida turli quvvatdagi transformatorlar, transformator moyi, temir-beton tayanchlar, sim va kabel, kabel muftalari, avtomat o‘chirgichlar, rubilniklar hamda boshqa zarur materiallardan iborat zaxira yaratilgan.
Shuningdek, viloyatning 22 ta tuman va shahrida tezkor chiqish brigadasi 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgan. Mavsumda jami 604 nafar xodim, jumladan, 116 nafar muhandis va 488 nafar elektromontyordan iborat 100 ta ta’mirlash brigadasi faoliyat yuritadi. Ularga maxsus texnika va avtotransport vositalari biriktirilgan.

Elektr ta’minotida barqarorlikni ta’minlash, eng avvalo, aholi yashaydigan hududlardagi tarmoqlarning holatiga bog‘liq. Shuning uchun mahallalardagi mavjud tarmoqlarni yangilash va transformator quvvatlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Quyi Chirchiq tumanidagi 3 ta mahallada transformator punktlarini o‘rnatish va elektr uzatish tarmoqlarini tortish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Oqqo‘rg‘on tumanida ham 8 ta mahalla bo‘yicha tarmoqlarni yangilash va transformator punktlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

“Og‘ir mahalla” dasturi doirasida Bekobod tumanidagi Qolg‘onsir, Turon, Pastki Kerayit va O‘rikzor mahallalarida elektr ta’minotini yaxshilash ishlari olib borilmoqda. Ushbu mahallalarda jami 6 ta transformator, 35,3 kilometr SIP kabel tarmog‘i va 914 ta temir-beton tayanch o‘rnatilishi belgilangan.
Hozirga qadar 4 ta transformator, 599 ta temir-beton tayanch va 22,8 kilometr SIP kabel o‘rnatilgan. “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi doirasida Qoraquyli va Do‘stlik mahallalarida ham elektr tarmoqlarini yaxshilash ishlari amalga oshirilmoqda.
– Bekobod tumanida elektr energiyasi ta’minoti 9 ta podstansiya orqali amalga oshiriladi, – deydi Bekobod tumani elektr ta’minoti bosh muhandisi Abdurahim Abdurahmonov. – Tumanda 35 ming 10 nafar iste’molchi, jumladan, 33 ming 224 nafar aholi va 1 ming 786 ta ulgurji iste’molchi mavjud. 2026-yil 9 oyi davomida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 169,5 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 46 ta transformator punktini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan. Hozirga qadar 120,1 kilometr tarmoq va 46 ta transformator punkti ta’mirlangan. Shuningdek, tumanda elektr tarmoqlarini yangilash, SIP kabel tortish va yangi tayanchlar o‘rnatish ishlari davom etmoqda.
Umuman olganda, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bir-birini to‘ldiruvchi bir necha yo‘nalishni qamrab olgan. Bu mavjud tarmoqlarni ta’mirlash, yangi quvvatlarni ishga tushirish, eskirgan infratuzilmani modernizatsiya qilish, avariyaviy zaxiralarni yaratish va tezkor brigadalar faoliyatini kuchaytirishdan iborat. Shu nuqtai nazardan, mavsumga tayyorgarlikning oldindan va tizimli tashkil etilishi elektr ta’minotida barqarorlikni ta’minlashning muhim shartidir.
A.Musayev,O‘zA