Elektr ta’minotidagi muammolar bartaraf etilmoqda
FOTOREPORTAJ
“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jarayonda iste’molchilaridan kelib tushayotgan murojaatlar bevosita joyiga chiqib o‘rganilib, ta’minotdagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Eskirgan simyog‘ochlar yangilanmoqda, transformator punktlarining quvvati oshirilib, qo‘shimcha transformatorlari o‘rnatilmoqda.
Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan uch choragida virtual qabulxona va o‘tkazilgan sayyor qabullar orqali hamda yozma ravishda 3601 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 2200 tasi ijobiy hal qilingan, 1284 murojaat egalariga tushuntirishlar berilgan, 117 murojaat o‘rganish jarayonida.
[gallery-21002]
Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, Peshku tumanining “Bog‘i muso” MFY hududidagi Dehcha qishlog‘ida eskirgan simyog‘ochlar yangisiga almashtirilib, 11 dona mustahkam temir beton tayanch tiklandi. Buxoro tumani “Shexoncha” MFY Shexoncha ko‘chasining elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash uchun esa 3 dona temir-beton tayanch rostlandi va quvvati 63 kVA bo‘lgan qo‘shimcha transformator punkti o‘rnatilib, ishga tushirildi. Natijada shexonchaliklarning me’yor darajasidagi elektr energiyasiga bo‘lgan talabi qondirildi.
O‘tgan yilgi kamchiliklardan kelib chiqib, “Gazli 1” hamda “Gazli 2” 110 kV kuchlanishdagi elektr uzatish tarmog‘ida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 3 dona uzunligi 22 metr bo‘lgan SK tipidagi tayanchlar o‘rnatildi. Shuningdek, tashqi ta’sirlar natijasida egilgan 11 ta tayanch to‘g‘rilandi va salqi simlar tortildi. Natijada Jondor tumani, Gazli shaharchasi va Gazli gaz haydash nasos stansiyalarining elektr ta’minoti mustahkamlandi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA