Elektr taʼminotida uzilishlar boʻlmaydi
Anjumanda Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, uning tuman, shahar tizimlarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Andijon viloyatida 2019-yilda 16 mingdan ortiq ulgurji isteʼmolchi, yaʼni korxona va tashkilot hamda 610 mingdan ziyod aholi xonadonlariga 3,2 milliard kVt-soat yoki 1 trillion soʻmlik elektr energiyasi yetkazib berilgan.
Viloyatdagi “Zavroq” va “Oltin vodiy” nim stansiyalarga 25 ming kVat, “Oliygoh”, “Chinobod”, “Kamolot”, “Xidirsha” nimstansiyalariga 10 ming kVat, “KFK” nimstansiyasiga 6 ming 300 kVat, “Orom”, “Poytugʻ” nimstansiyalariga 4 ming kVat kuchlanishdagi yangi transformatorlar oʻrnatilgan. Natijada Andijon, Asaka, Baliqchi, Izboskan, Oltinkoʻl, Xoʻjaobod, Shaxrixon tumanlari hamda Andijon shahrida elektr taʼminoti yanada yaxshilangan.
“Past kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” Dasturi doirasida 699,8 kilometr elektr tarmoqlari va 292 ta transformator punktida qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarilgan.

“Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining 2019-yildagi faoliyati va joriy yildagi rejalariga bagʻishlangan matbuot anjumanida shular haqida maʼlumot berildi.
Ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda aholini elektr energiyasi bilan taʼminlash, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yanada yuqori darajaga koʻtarishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilayotganligi, bu xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligi taʼkidlandi.
Anjumanda Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, uning tuman, shahar tizimlarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 1482,2 ming kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmogʻi, 543 dona transformator punkti mukammal, shuningdek, 2 ming 45 ta transformator punkti, 4 ming 699 kilometr uzunlikdagi havo liniyalari joriy taʼmirlangan.
Korxona moddiy-texnika bazasini takomillashtirish hamda faoliyat sifatini yaxshilash maqsadida 4 ta yengil avtomashina, 2 ta avtokran monipulyator, 4 dona chuqur qaziydigan maxsus traktor, kamaz yuk avtomashinasi hamda avtobus xarid qilingan. Yuqoridagi ishlarni bajarish va texnika vositalari xarid qilish uchun jami 65 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.
Isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun oʻz vaqtida hisob-kitob qilish va mablagʻlarni undirish maqsadida Andijon, Xonobod shaharlari, Andijon, Asaka tumanlarida 650 ming dona zamonaviy hisoblagichlar oʻrnatilib, shundan 59 mingga yaqini ASKUE tizimiga ulandi.

Jamiyat tarkibida metall konstruksiyalar ishlab chiqarish sexi tashkil etildi. Ushbu sexda avval boshqa korxonalardan xarid qilingan 11 ming donadan ziyod metall qurilmalar tayyorlanib, jamiyat 554 million soʻm miqdoridagi mablagʻni iqtisod qildi.
Jamiyatga kelib tushgan murojaatlarning barchasi qanoatlantirildi. Murojaatchi qiluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida jamiyatning telegramm, feysbuk ijtimoiy tarmoqlari ishga tushirildi. Shuningdek, mijozlardan 24 soat mobaynida qoʻngʻiroqlarni qabul qilish uchun “Call center” boʻlimi tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasining joriy yildagi rejalari haqida ham keng maʼlumotlar berildi. Jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.