Elektr energiya ishlab chiqarishdagi hamkorlik
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Muratov boshchiligidagi ishchi guruh vakillari G‘ijduvon tumanida barpo etilayotgan shamol elektr stansiyasining qurilish jarayoni bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga binoan “ACWA POWER BASH WIND” loyihasi bunyod etilmoqda.

Qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni rivojlantirish hamda elektr energetika tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida qad rostlayotgan mazkur loyiha uchun 650 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritilgan.
Bojxona organi mas’ullari Saudiya Arabistonidan jalb etilgan investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyihada olib borilayotgan qurilish jarayoni bilan bevosita tanishdi. Texnologik asbob-uskunalarning o‘z vaqtida bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish va loyihaning belgilangan muddatda foydalanishga topshirilishi yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.

Hozirga qadar, loyihaga 890 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilgan bo‘lib, uchrashuvda xorijdan keltirilayotgan ehtiyot qismlarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tezkorlik bilan yakuniga yetkazishda har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilishi ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, “ACWA POWER BASH WIND” loyihasi doirasida qad rostlayotgan shamol elektr stansiyasiga o‘rnatilayotgan 79 ta turbinalar oyiga 360 ming MVt elektr energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Rejaga binoan stansiyaning birinchi bosqichi joriy yilning ikkinchi yarmida, to‘liq hajmda esa, 2025 yil yakunida ishga tushiriladi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.