Eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik muammosi bo‘yicha ham yangi yengilliklar beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.
– Bugun dunyoda bozor uchun kurash kun sayin kuchayib boryapti. Bunday vaziyatda xorijga chiqqan tadbirkor hech qachon o‘zini yolg‘iz his qilmasligi kerak, – dedi Prezident.
Elchilarga qayerda yangi imkoniyat va bozor bo‘lsa, tadbirkorlarni birinchi bo‘lib “qo‘lidan ushlab” olib borish vazifasi qo‘yildi.
Eksportning 60 foizi to‘g‘ri kelayotgan 20 ta davlat va istiqboli yuqori yana 5 ta davlatda “eksport elchilari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularni o‘sha bozorga eng ko‘p eksport qilayotgan tadbirkorlarning o‘zi saylaydi.
“Eksport elchilari” savdo tarmoqlari, sertifikat va marketing masalalarida boshqa tadbirkorlarga ko‘maklashadi. Ularning borish-kelish va yashash xarajatlari qoplab beriladi.
Eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik muammosi bo‘yicha ham yangi yengilliklar beriladi. Yil yakunigacha qarzni qoplash uchun bank hisobraqamiga valyuta qo‘yilsa, u eksport tushumi sifatida qabul qilinadi.
Tovar uchun to‘lov kelmagan bo‘lsa ham eksportga cheklov bekor qilinadi, invoysda 50 foiz oldindan tushum talabi olib tashlanadi. Savdo uylari va distribyutorlar orqali eksportda valyuta tushumini ta’minlash muddati 180 kundan 365 kunga uzaytiriladi.
O‘zA