Eksport-import sohasidagi to‘siqlarni olib tashlash choralari ko‘rilmoqda
Davlatimiz rahbarining joriy yilda tadbirkorlar bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan an’anaviy uchrashuviga tayyorgarlik doirasida Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuv haqida oldindan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon berilgani sababli dastlab qabulga 70 nafarga yaqin tadbirkor ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, amaldagi muloqot jarayonida 100 nafardan ortiq biznes vakillari o‘zlarini o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar bilan ishtirok etdi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlardagi tadbirkorlar hududiy bojxona boshqarmalarining studiyalari orqali onlayn tarzda uchrashuvga ulanib, o‘z murojaat va takliflarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

E’tiborli jihati shundaki, ochiq muloqotda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi hamda turli sertifikatlash organlarining rahbar va mas’ul xodimlari ham ishtirok etdi. Bu esa masalalarni kompleks yondashuv asosida ko‘rib chiqish imkonini berdi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi, eksport-import jarayonlari, imtiyozlardan samarali foydalanish, logistika tizimi hamda amaliyotda uchrayotgan boshqa qator muammoli masalalar yuzasidan murojaat, taklif va mulohazalar bildirildi.

Barcha murojaatlar e’tibor bilan tinglanib, har bir masala chuqur tahlil qilingan holda muhokama etildi. Ayrim muammolar joyida hal qilingan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan holatlar bo‘yicha mas’ul idoralarga aniq topshiriqlar berildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu ochiq muloqot bojxona organlari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, biznes uchun qulay muhit yaratish hamda mavjud muammolarga tezkor va samarali yechim topishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA