“Ekomarafon – 2021” ekologlarni birlashtirdi
Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash hamda 22 may – Xalqaro Biologik xilma-xillik kuni munosabati bilan “Ekomarafon – 2021” tadbiri doirasida yugurish musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqada boshqarmaning 145 nafar xodimi ishtirok etdi. Navoiy shahar “Yoshlik ko‘li”da o‘tkazilgan tadbirda ayol xodimlar 2000 metrga erkak xodimlar esa 3000 metr masofaga yugurdi.

– 1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiya qabul qilinib, unda bioxilma-xillikni muhofaza qilish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish, ularni boshqarish va butligini saqlash, ularning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash kabi ko‘plab muhim vazifalar belgilab berilgan va dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan, – deydi boshqarma matbuot xizmati rahbari Zubayda Dushanova. –Jumladan, respublikamiz ham 1995 yilda Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyaga qo‘shilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida Biologik xilma-xillikni saqlab qolish bo‘yicha Milliy strategiya va Harakatlar rejasi tasdiqlangan. Konstitutsiyamizda ham yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi va boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik ekani, ulardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Tizim xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sog‘lom muhit yaratishni maqsad qilgan ekomarafonda faol ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA