Ekologiya – chegara bilmaydigan umumiy mas’uliyat (+video)
Qashqadaryoning betakror tabiati, tog‘u toshlari va so‘lim go‘shalari bag‘rida yoshlarni bir ezgu maqsad atrofida birlashtirgan xalqaro tadbir o‘tkazilmoqda. Shahrisabz tumanidagi “Lochin” bolalar oromgohi bugun nafaqat yurtimizning, balki qator xorijiy davlatlarning ekofaol yoshlarini ham bir davraga jamlagan. 10-15-avgust kunlari bu yerda “Yoshlar – kelajak bunyodkorlari” V xalqaro ekologiya qurultoyi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston hamda O‘zbekistonning barcha hududlaridan 800 nafarga yaqin yosh ishtirok etyapti.
Tadbirning dastlabki kuni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 35 tup daraxt ekish aksiyasi bilan boshlandi. Bu ramziy tadbir yoshlarning Vatanga mehri va tabiatga munosabatini bir nuqtada uyg‘unlashtirdi.
Shundan so‘ng delegatsiyalar o‘zlarini turli ko‘rgazmali chiqishlar orqali tanishtirdi. E’tiborli jihati, chiqishlarda har bir jamoa o‘z yurtiga xos an’ana va madaniyatni namoyon etish bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan ekologik g‘oyalarni ham ilgari surdi.
Qurultoy davomida yoshlarning bilim va iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Dasturdan turli tanlov va musobaqalar, taqdimot va ko‘rgazmalar, uchrashuvlar, plogging aksiyalari, ekologik loyiha va amaliy tadbirlar o‘rin olgan.
Xususan, “Eng yaxshi ekologik loyiha”, “Eng yaxshi “Yosh ekologlar” harakati Kengashi”, “Eko-zakovat”, “Quvnoqlar va zukkolar” xalqaro musobaqalari yoshlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Aslida, bu kabi tadbirlarning ahamiyati faqat tanlov va musobaqalar bilan cheklanmaydi. Turli davlatlardan kelgan yoshlarning bir maydonda uchrashishi, o‘zaro tajriba almashishi va umumiy muammolar haqida fikr yuritishi ekologik masalalarga chegara bilmaydigan yondashuv zarurligini ko‘rsatmoqda.
[gallery-30855]
Ozarbayjon delegatsiyasi a’zosi Baxtiyor Gulizoda ham bu jihatni alohida ta’kidlaydi.
– Qurultoyning ahamiyati nafaqat Ozarbayjon, balki atrofdagi mamlakatlar uchun ham muhim. Chunki barchamizga xos bo‘lgan ekologik muammolar bor. Ularni hal etishda yoshlarning mas’uliyati katta. Bu yerda turli davlatlardan kelgan yoshlar bir joyga to‘plandik. Umumiy tushunchalarimiz, tadbirlardagi ishtirokimiz ekologik muammolarni hal qilishda muhim rol o‘ylaydi, – deydi u.
Uning fikricha, qurultoy doirasida tashkil etilayotgan seminar va muhokamalarda ekologik muammolarga amaliy yechimlar izlanmoqda. Eng muhimi, bu yerda bildirilayotgan g‘oyalar kelgusida yoshlar o‘rtasida keng tatbiq etilishi mumkin.
Turkiyalik yosh Shabnam Shan uchun esa qurultoy ekologik bilim va tajriba bilan bir qatorda, yangi do‘stlar orttirish imkoniyatini ham bermoqda.
– O‘zbekistonga ilk bor kelishim. Bizga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik va e’tibordan juda mamnunman. O‘zimizni go‘yo o‘z uyimizdagidek his qilyapmiz. Bu yerda Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkmaniston va boshqa davlatlardan kelgan yoshlar bilan tanishdik. Vaqtimiz mazmunli o‘tmoqda. Milliy taomlaringizdan tatib ko‘rdim. Bu safar menda juda yaxshi taassurotlar qoldirmoqda, – deydi Shabnam Shan.
Andijonlik yosh Diyora Qurbonaliyeva esa mazkur tadbirni yangi bilim va ko‘nikmalar maktabi sifatida baholaydi.
– Biz bu yerga dam olish uchun emas, yangi bilim va ko‘nikmalar orttirish uchun keldik. Qurultoy davomida olgan bilimlarimizni viloyatimizga qaytgach ham amaliyotda qo‘llash uchun astoydil harakat qilamiz. Tabiatni sevish va asrash har bir yoshning aniq maqsadiga aylanishi kerak, – deydi u.
Qurultoy ishtirokchisiga, ayniqsa, “Ekofesh” loyihasi ma’qul kelgan. Unda yoshlar o‘z qo‘l mehnati bilan tayyorlagan, tabiat va ekologik mavzular bilan uyg‘un liboslarini namoyish etmoqda. Zakovat o‘yinlari, turli loyihalar va amaliy tadbirlar ham yoshlarning qiziqishini yanada oshirmoqda.
Shu ma’noda, Shahrisabzdagi xalqaro ekologik qurultoyni shunchaki navbatdagi tadbir emas, balki turli davlatlar yoshlarini umumiy maqsad – tabiatni asrash va ekologik barqaror kelajakni ta’minlash g‘oyasi atrofida birlashtirayotgan maydon, deyish mumkin.
Zero, tabiatning taqdiri bir mamlakat yoki bir hudud doirasida hal bo‘lmaydi. Bugun ekilgan har bir nihol, bildirilgan har bir ekologik g‘oya, amalga oshirilgan har bir ezgu tashabbus kelajak avlod uchun qoladigan umumiy merosdir.
Shu bois qurultoyning asosiy maqsadi ham yoshlarni ekologik jarayonlarga faol jalb etish, ularning istiqbolli g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarga birgalikda yechim izlashdan iborat.
Eng muhimi, bu yerda turli til va madaniyat vakillari bir maqsad yo‘lida birlashmoqda. Bu esa ekologik mas’uliyat yoshlar qalbida shakllanib, ertangi kunning muhim qadriyatiga aylanayotganidan dalolatdir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AkAakV5n6sU" title="Ekologiya — chegara bilmaydigan umumiy mas’uliyat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari