Ekologiya borasida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Ekologik xavfsizlikni ta’minlash va tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish — bugungi islohotlarning bir-biridan ajralmas ikki muhim yo‘nalishi. Ular o‘rtasida oqilona muvozanatni ta’minlash esa davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylanmoqda. Jizzax viloyatida tashkil etilgan ochiq muloqot aynan shu tamoyilning amaliy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruhning Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bosh boshqarmasida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda mamlakatning barcha hududlaridan uch yuzga yaqin tadbirkor ZOOM platformasi orqali ishtirok etib, sohada to‘planib qolgan dolzarb masalalarni mas’ullar bilan bevosita muhokama qildi.
Muloqot davomida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi talablar, ekologik ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi, ishlab chiqarish jarayonida uchrayotgan amaliy muammolar hamda ularning yechimlari har tomonlama ko‘rib chiqildi. Eng muhimi, tadbirkorlar o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mutasaddilarga yetkazib, ular yuzasidan aniq javob va amaliy yechimlar olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Kelib tushgan murojaatlarning aksariyati shu joyning o‘zida ko‘rib chiqildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etgan masalalar yuzasidan esa mas’ullarga tadbirkorlar huzuriga chiqib, muammolarni joyida hal etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Uchrashuvda ekologik islohotlarni amalga oshirishning dastlabki bosqichlarida kuzatilgan ayrim tashkiliy kamchiliklar ham ochiq tan olindi. Ta’kidlanganidek, bundan buyon har qanday yangi talab yoki tartib amaliyotga joriy etilmasidan avval tadbirkorlarga atroflicha tushuntiriladi. Bu esa turli tushunmovchiliklarning oldini olish, islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.
— Tabiatni muhofaza qilishni faqat davlat idoralari zimmasiga yuklab bo‘lmaydi. Bu jarayonda davlat organlari, tadbirkorlar va jamiyat birdek mas’ul. Qisqa muddatli iqtisodiy manfaat kelajak avlodlar salomatligi hisobiga ta’minlanmasligi kerak. Shuning uchun ishlab chiqarishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, chiqindilarni kamaytirish, energiya tejovchi yechimlarni joriy etish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga bosqichma-bosqich o‘tish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir, — dedi Aziz Abduhakimov.
[gallery-30741]
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar va soha mutaxassislari ishtirokida amaldagi tartib-taomillar ham tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Muhokamalar yakunida tadbirkorlik sub’ektlari zimmasidagi ortiqcha ma’muriy yuklamalarni qisqartirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi. Xususan, takroriy ruxsat berish jarayonlarini soddalashtirish, ortiqcha hujjatlarni bekor qilish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish ko‘lamini kengaytirish, ekologik xavfi past ob’ektlar uchun yengillashtirilgan tartiblarni joriy etish hamda asosiy nazoratni yuqori xavfli ob’ektlarga qaratish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Qayd etilganidek, mazkur o‘zgarishlar ekologik nazoratni susaytirishga emas, aksincha, uni yanada samarali, manzilli va shaffof tashkil etishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda ekologik nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, avtomatik ekologik monitoring stansiyalarini bosqichma-bosqich o‘rnatish ishlari muhokama qilindi. Bu tizim inson omilini sezilarli darajada kamaytirish, atmosfera havosiga chiqarilayotgan chiqindilarni uzluksiz kuzatib borish, bahsli holatlarda aniq raqamli ma’lumotlarga tayanish hamda ekologik nazoratning ochiqligi va ishonchliligini ta’minlash imkonini beradi.
Shuningdek, monitoring uskunalarini o‘rnatish va ularni davlat axborot tizimlariga integratsiya qilish jarayonida tadbirkorlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, texnik talablarni imkon qadar soddalashtirish hamda yangi tizimga moslashish jarayonini yengillashtirish bo‘yicha choralar belgilandi.
Jizzaxda o‘tkazilgan mazkur ochiq muloqot davlat va tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqotning yanada ochiq, amaliy va natijador bosqichga ko‘tarilayotganini namoyon etdi. Eng muhimi, unda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bir-biriga zid emasligi, aksincha, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini izchil hayotga tatbiq etish orqali uyg‘un rivojlanishi mumkinligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari