Ekologik madaniyat: universitetda seminar
Jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish, yosh avlodning ekologik savodxonligini oshirish hamda ekologik ta’lim-tarbiya jarayonini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi” doirasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Arxitektura va qurilish fakultetida seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti huzuridagi “Yosh ekologlar” klubi tashabbusi bilan o‘tkazildi. Unda klub yetakchilari hamda talaba yoshlar faol ishtirok etdi. Seminarda “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi raisi A.Abdirahmanova “Raqamli texnologiyalar orqali tabiatni asraymiz” mavzusida ma’ruza qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Yosh ekologlar” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi Ekologik innovatsiyalar, startaplar va grantlar menejeri K.Qizilbayeva startap loyihalar va grant imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

U yoshlarni innovatsion g‘oyalarni ilgari surishga, ekologik yo‘nalishdagi startaplarni rivojlantirishga hamda mavjud grant dasturlaridan samarali foydalanishga chaqirdi. Seminar doirasida tashkil etildi amaliy mashg‘ulotda talabalar kichik guruhlarga bo‘linib, mahalladagi chiqindilar muammosini aniqlash va uni raqamli texnologiyalar yordamida hal etish bo‘yicha o‘z takliflarini ishlab chiqdilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA