Ekologik islohotlar yangi bosqichda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan yashil makon umummilliy dasturi bu boradagi eng yirik loyihalardan biridir.
Mazkur dasturning asosiy maqsadi – yurtimizda yashil hududlarni kengaytirish, ekologik vaziyatni yaxshilash va kelgusi avlod uchun sog‘lom tabiiy muhit yaratishdan iborat. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish va havo ifloslanishi kabi muammolar tobora kuchayib borayotgan bugungi kunda bunday tashabbuslar hayotiy ahamiyatga ega.

Joriy yil bahor mavsumida mamlakatimiz bo‘ylab ko‘chat ekish ishlarining yangi bosqichi boshlandi. Jumladan, Navoiy viloyatida ham o‘tkazilayotgan “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyasi doirasida aholi, yoshlar, mahalla faollari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari faol ishtirok etmoqda.

Karmana tumanidagi Sardoba mahallasida 5 gektar maydonga 3,5 ming tup ko‘chat ekilishi nafaqat hudud ko‘rinishiga, balki ekologik barqarorlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Umuman olganda, viloyat bo‘yicha 5,2 million dona ko‘chat ekish rejalashtirilgani islohotlar ko‘lamining qanchalik kengligini namoyon etadi.

E’tiborli jihati shundaki, bu ishlar faqat ko‘chat ekish bilan cheklanilmaydi. Har bir ekilgan niholning parvarishi, o‘z vaqtida sug‘orilishi va saqlab qolinishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunday ekologik islohotlar nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki aholining ekologik madaniyatini oshirish, jamoatchilikni umumiy maqsad atrofida birlashtirishga xizmat qilmoqda. Zero, yashil makon bu faqat daraxtlar emas, balki sog‘lom kelajak, farovon hayot va barqaror taraqqiyot demakdir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri