Ekologik ekspertiza xulosasini olishda yangi tartib
Davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun ariza topshirish tartibi o‘zgardi. Endi bunday arizalarni yuborish uchun alohida elektron tizim emas, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz dan foydalaniladi.
2026-yil 24-sentabr soat 18:00 dan boshlab davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish bo‘yicha arizalar faqat my.gov.uz orqali qabul qilinadi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish va ekologik ekspertiza xulosalarini elektron shaklda berish ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimni ishga tushirishdan oldin zarur texnik ishlar amalga oshirildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida arizalarni qabul qilish hamda ular bo‘yicha xulosalarni elektron shaklda berish test rejimida sinovdan o‘tkazildi.
Sinov jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlangani munosabati bilan yangi tartib to‘liq joriy etilmoqda.
Shuningdek, 24-sentabr soat 18:00 dan boshlab eco-service.uz sayti orqali davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun arizalarni qabul qilish to‘xtatiladi.
Shundan buyon murojaatlar belgilangan tartibda faqat my.gov.uz portali orqali yuboriladi.
Yangi tartib ekologik ekspertiza xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish, ariza topshirish jarayonini yagona davlat xizmatlari tizimiga integratsiya qilish va xulosalarni elektron shaklda olish imkonini kengaytirishga qaratilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA