Ekologik barqarorlikka erishishda ekopartiya deputatlarining o‘rni bor(mi?)
Samarqandda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan “Hudud taraqqiyoti va ekologik barqarorlikka erishishda partiya deputatlarining o‘rni” mavzusida deputatlar forumi o‘tkazildi.
Forumda partiya markaziy kengashi rahbariyati, partiyadan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga saylangan deputatlar, faollar va ekologiya sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Dastlab ishtirokchilar xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Kengash raisi Sh.Negmatov amalga oshirilayotgan ishlar, hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi murojaatlari bilan ishlash hamda deputatlik nazorati olib borish bo‘yicha to‘plangan tajriba haqida gapirib berdi. Shuningdek, Kengash va uning doimiy komissiyalari ishida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan deputatlarning ishtiroki, partiya deputatlik guruhining faoliyati tahlil qilindi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev bugungi kunda ekologiya muammolari global masala ekanligini ta’kidladi.
– Yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida qabul qilinayotgan qonun va huquqiy me’yoriy hujjatlar, davlat dasturlari, Prezident farmon va qarorlari ijrosini ta’minlashda partiyamiz deputatlari faollik ko‘rsatishi, samarali deputatlik nazoratini amalga oshirishimiz zarur, – dedi A.Hamzayev. – Albatta, har bir deputat oldida partiyamiz dasturi va saylovchilari talabidan kelib chiqib, muayyan vazifalar, maqsadlar bor. Ularni bajarishda fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan safdoshlarimiz Samarqandda ham ko‘p. Forumda ana shunday deputatlarimiz tajribasini ommalashtirish hamda kelgusida oldimizda turgan masalalar yuzasidan fikr almashish ko‘zda tutilgan.
Shundan so‘ng forum ishtirokchilari Samarqand shahridagi Devori ko‘ndalang mahallasida “yettilik” faoliyati bilan tanishib, aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Partiya yetakchisi davlatimiz rahbari tomonidan mahalla tizimini yangi bosqichga olib chiqish, “mahalla yettiligi” faoliyatini kuchaytirish va mahallani davlat hamda jamiyat o‘rtasidagi muhim tayanch bo‘g‘inga aylantirish borasida olib borilayotgan islohotlar deputatlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklayotganini qayd etdi. Shundan kelib chiqib, aholining deputatlarga qanday talablari borligi, ularni qiynayotgan masalalarga e’tibor qaratildi. Xonadonlar va ko‘cha atroflarini obodonlashtirish, yashil hududlarni kengaytirish, manzarali ko‘chatlar ekishni rag‘batlantirish, hududlarda sanitariya va ekologik tozalikni ta’minlash, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Forum doirasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbari Samarqand shahridagi Xo‘ja Ahror Valiy mahallasidagi Orif Gulxaniy uy-muzeyida bo‘lib, “Obod xonadon” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Gulchilar sulolasining uchinchi avlodi bo‘lgan Muqimjon Orifiy o‘z xonadonda ko‘p yillardan buyon yo‘qolib borayotgan gul va o‘simlik turlarini saqlab qolish, ularni ko‘paytirish hamda keng jamoatchilik orasida gulchilikni targ‘ib etishga katta hissa qo‘shmoqda. Otaxon va uning oila a’zolari joriy yilning o‘zida 900 mingdan ortiq noyob daraxt, gul va buta ko‘chatlari yetishtirib, aholi hamda tashkilotlarga yetkazib berdi. Yosh avlodning tabiatga mehrini oshirish maqsadida “Bir yoshga – 10 ta gul” ekologik aksiyasi tashkil etib, ta’lim muassasalariga 5 ming dona gul ko‘chati tarqatdi. Shuningdek, Samarqand shahridagi mahallalarga ham gul va manzarali daraxt ko‘chatlari yetkazib berilmoqda.
Partiya tomonidan ushbu xonadon a’zolarining ekologik tashabbusi e’tirof etilib, bunday ibratli tajribani boshqa hududlarda ham keng ommalashtirish va noyob o‘simlik turlarini asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlandi.
Forum partiya rahbariyati va faollar, deputatlar ishtirokida joriy yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyat sarhisobiga bag‘ishlangan muhokama bilan davom etdi.
[gallery-30564]
Partiya rahbari mahalliy Kengash deputatlari zimmasiga yuklatilgan mas’uliyat va ularning xalq manfaatlarini ta’minlashdagi o‘rniga alohida to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, deputatlik faoliyati saylovchilar bilan muntazam muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda ularning yechimi yuzasidan amaliy tashabbuslar bilan chiqishni talab etadi. Shuningdek, hududlarda mavjud ekologik muammolarni chuqur tahlil qilish, ularning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish har bir deputatning ustuvor vazifalaridan biri ekani aytib o‘tildi.
– Samarqand viloyatidagi mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan yil boshidan buyon aholi bilan 217 ta uchrashuv va ochiq muloqot tashkil etilgan, – dedi Abdushukr Hamzayev. – Bu tadbirlarda ko‘tarilgan 262 ta masalaning 119 tasi ijobiy hal qilingan. Shu bilan birga, deputatlar tomonidan 73 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan, Kengashlar va doimiy komissiyalar muhokamasiga 95 ta masala kiritilgan. Lekin bu boradagi ishlarni yanada jonlantirish nafaqat deputatning o‘z saylov okrugi bo‘yicha, balki butun viloyatdagi ekologiya bilan bog‘liq masalalarga jiddiy e’tibor bilan yondashish lozim.
Forumda erishilgan natijalar bilan birga deputatlik nazorati samaradorligini yanada oshirish, ijro intizomini kuchaytirish, aholi murojaatlari va deputatlik so‘rovlarining o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Tadbir so‘nggida faol va namunali faoliyat olib borayotgan deputatlar e’tirof etilib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashining tashakkurnomalari topshirildi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari