Ekilgan har bir ko‘chat nazoratga olinadi
Davlatimiz rahbari tomonidan 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani ekologik muammolarga qarshi kurashish va tabiatni asrash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini isbotidir.
Shu bois, Qashqadaryo viloyatida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Qarshi tumanidagi Yangi Xonabod mahallasi hududidan o‘tuvchi Qarshi-Shahrisabz yo‘lining har ikki tomoniga loyiha doirasida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari boshlab yuborildi.
Ushbu ezgu tashabbusda viloyat hokimi M.Azimov va Qarshi tuman hokimi Z.Aliqulov ham ishtirok etib, o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.
[gallery-21356]
Mas’ullarning xabar berishicha, bugunning o‘zida ushbu katta yo‘l yoqasiga 33 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan. Hasharda barcha tashkilotlar xodimlari, faol yoshlar va keng jamoatchilik vakillari qalb amri bilan ishtirok etmoqda.
Bu ishlarga hamohang ravishda Yangi Xonabod mahallasidagi besh gektar maydonda “Yoshlar bog‘i” tashkil etilib, u yerga ham 5 ming 200 tup har xil turdagi ko‘chat ekish ishlari boshlab yuborilgan.
Viloyat rahbari ko‘chat ekish ishlarida ishtirok etar ekan, kelgusida ekilgan ushbu ko‘chatlar tomchilatib sug‘orish texnologiyalari orqali parvarish qilinishi va ekilgan har bir ko‘chat nazoratga olinishini ta’kidlab o‘tdi.
Loyiha doirasidagi ishlar viloyatning barcha hududlarida uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbiri