Dzyudochilarimiz Toshkentga qaytishdi
Isroilda dzyudo bo‘yicha "Katta Dubulg‘a" turkumiga kiruvchi turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi mamlakatimizga qaytib keldi.
Polvonlarimizni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Dzyudo federatsiyasi mutasaddilari, keng sport jamoatchiligi, dzyudochilarimizning oila a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib oldi.
Tel-Aviv shahrida o‘tgan musobaqada dunyoning 60 davlatidan jami 418 nafar dzyudochi medallar bilan birgalikda, “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlari yo‘lidagi muhim reyting ochkolari uchun o‘zaro raqobatlashdi.
Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Sharofiddin Boltaboyev oltin medal va 1000 reyting ochkosiga ega bo‘ldi. Shuningdek, Sardor Nurillayev va Muhriddin Tilovov o‘z vaznida bronza medali hamda 500 reyting ochkosini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, 5-7 mart kunlari poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli "Xumo" arenasida "Katta Dubulg‘a" turniri o‘tkaziladi.