Dunyoni lol qoldirgan o‘zbek o‘g‘loni
Joriy yilning 16-28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan II o‘smirlar Olimpiadasida iqtidorli yosh bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziyev barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, chekka hududlarda ham zamonaviy sport majmualari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari foydalanishga topshirilayotgani navqiron avlod orasidan ana shunday iqtidorli sportchilar yetishib chiqishida muhim omil bo‘layotir.
Bektemir Meliqo‘ziyev 1996-yili Qo‘qon shahrida tavallud topgan. Oiladagi muhit Bektemirda bolaligidan sportga qiziqish uyg‘otdi. U 10 yoshidan tajribali murabbiy Ma’ruf Ahmedovdan boks sirlarini o‘rgana boshladi.
Shahar, viloyat va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda mahorat oshirgan bokschi xalqaro maydondagi ilk g‘alabasiga 2012-yili Ozarbayjondagi xalqaro turnirda erishdi. Shundan so‘ng Serbiya, Tailand va Rossiyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda sovrindorlar safidan joy oldi.
Joriy yilgi sport mavsumi yosh bokschimiz uchun yanada omadli keldi. Dastlab Tailandning Bangkok shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan Bektemir aprel oyida Bolgariyaning Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi va II o‘smirlar Olimpiadasiga yo‘llanma oldi. Namangan viloyati mezbonlik qilgan “Barkamol avlod – 2014” sport o‘yinlarida g‘olib bo‘ldi.
Nankinda o‘tgan II o‘smirlar Olimpiadasida vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida ringga chiqqan Bektemir Meliqo‘ziyev yarim finalda belaruslik Ilyas Adzinayevni texnik nokautga uchratdi. Finalda Dominikan Respublikasi vakili Xuan Solanoni 3:0 hisobida yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. G‘olib sportchimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangradi.
– Musobaqada g‘alaba qozonishimda xalqimizning menga bo‘lgan ishonchi, murabbiylarimning maslahati va qo‘llab-quvvatlashi asosiy omil bo‘ldi. Kelgusida bundan-da yuqori natijalarga erishib, Vatanimizning sharafini yanada yuksaltirishda bor kuchim va mahoratimni ishga solaman, – deydi B.Meliqo‘ziyev.
– O‘g‘limning musobaqalarda erishayotgan g‘alabalari Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda yoshlarning sport bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit yaratib berilgani tufaylidir, – deydi Bektemirning otasi Ro‘zmatjon Sulaymonov. – Yoshligimda futbolga qiziqardim. Men yetisha olmagan orzularga farzandlarim erishayotganidan behad baxtiyorman.
Bektemir o‘z mahoratini muttasil oshirib borish uchun mashg‘ulotlarga zo‘r bermoqda.