Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Qisqa, aniq va ishonchli axborot – global dunyoda tezkor xabardorlik garovi. O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda taqdim etadi.
Isroil-Livan muzokaralari: ijobiy signallar bor

AQSHda bo‘lib o‘tgan Isroil va Livan o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng Isroil elchisi Yexiel Leyter uchrashuvni “ajoyib muloqot” deb baholadi. Uning aytishicha, tomonlar ikki soatdan ortiq suhbat davomida ayrim masalalar bo‘yicha umumiy qarashlarga ega ekanini anglagan. Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi Marko Rubio esa bu jarayonni tarixiy imkoniyat deb atab, barqaror tinchlik uchun asos yaratish mumkinligini ta’kidladi.
Ammo ekspertlar fikricha, vaziyat hali ham murakkabligicha qolmoqda. Livan tomoni hozircha rasmiy munosabat bildirmagan, “Hizbulloh” esa muzokaralarga qarshi chiqib, Isroilga raketa hujumlarini davom ettirgan. So‘nggi oylardagi to‘qnashuvlar minglab qurbonlar va katta vayronagarchilikka olib keldi. Mutaxassislar aytishicha, tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar noaniq bo‘lib, qisqa muddatda to‘liq tinchlikka erishish ehtimoli past.
Ispaniya filmi Yevroparlamentning “LUX” mukofotini qo‘lga kiritdi

Yevropa parlamentining 2026-yilgi nufuzli “LUX” mukofoti ispaniyalik rejissyor Yeva Libertadning “Sorda” (“Kar”) filmiga nasib etdi. Asar kar ona Angelaning bola tarbiyasi jarayonida duch keladigan murakkabliklari orqali jamiyatdagi inklyuziya, gender va muloqot masalalarini ochib beradi.
Kartinaning o‘ziga xos jihati — u real hayotga asoslangan va rejissyorning shaxsiy tajribasi bilan bog‘liq. Bosh qahramonni ijro etgan aktrisa Miriam Garlo rejissyorning singlisi bo‘lib, uning hayoti film syujetida aks etgan. Asar nafaqat san’at sifatida yuqori baholandi, balki Ispaniyada kar ayollar uchun tibbiy xizmatlarni yaxshilashga turtki bergani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
AQSH-Eron muzokaralari: blokada fonida yangi uchrashuv kutilmoqda

AQSH tomoni Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasini joriy etgan bir paytda diplomatlar ikki davlat o‘rtasida muzokaralarning ikkinchi bosqichini tashkil etishga urinishmoqda. Donald Tramp yaqin ikki kun ichida yangi uchrashuv o‘tkazilishi mumkinligini bildirgan bo‘lsa, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham bu ehtimolni yuqori deb baholadi, biroq avvalgi muzokaralar samara bermagan, asosiy kelishmovchilik esa Eronning yadroviy dasturi atrofida saqlanib qolmoqda.
Ayni paytda AQSH harbiylari blokada doirasida bir qator kemalarni to‘xtatganini ma’lum qildi, ammo ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zi kemalar baribir bo‘g‘ozdan o‘tib ketgan. Ziddiyat yettinchi haftasiga kirib, minglab qurbonlar va jiddiy iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqardi. Energiya narxlarining keskin oshishi global bozorlarga bosim o‘tkazmoqda va vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Shu sharoitda muzokaralarni qayta boshlash mintaqada barqarorlikka erishish uchun muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda.
Yevrozona iqtisodiyotiga bosim: XVJ o‘sish prognozini pasaytirdi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Yevrozona iqtisodiy o‘sish prognozini 2026-yil uchun 1,4%dan 1,1%gacha pasaytirdi. Bu qaror Eron atrofidagi urush sabab energiya bozorlarida yuzaga kelgan beqarorlik va inflyatsiyaning o‘sishi bilan izohlanmoqda. Hurmuz bo‘g‘ozidagi cheklovlar va neft-gaz ta’minotiga bosim global iqtisodiy tiklanishni sekinlashtirgan. Shu bilan birga, inflyatsiya kutilmalari 4,4%gacha ko‘tarilib, iqtisodiy muhit yanada murakkablashgan.
Ekspertlar fikricha, Yevropa energiya narxlariga yuqori darajada bog‘liq bo‘lgani sababli eng ko‘p jabr ko‘rayotgan hududlardan biriga aylangan. Energiya qiymatining oshishi sanoat ishlab chiqarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va iqtisodiy o‘sishni cheklamoqda. XVJ ogohlantirishicha, agar energiya bozoridagi beqarorlik davom etsa, global iqtisodiyot yanada pasayishi va yuqori foiz stavkalari saqlanib qolishi mumkin.
Qatar: Eron bilan yashirin kelishuvlar yo‘q, yechim mintaqaviy bo‘lishi kerak

Qatar hukumati Eron bilan maxfiy kelishuvlar borligi haqidagi da’volarni qat’iyan rad etdi va bu ayblovlar mamlakat obro‘siga putur yetkazishga qaratilganini bildirdi. Mamlakat rasmiy vakili Majid al-Ansoriyning aytishicha, nizo boshlanganidan beri Doxa Tehron bilan yakka tartibda muzokaralar o‘tkazmagan va barcha harakatlar mintaqaviy hamkorlar bilan muvofiqlashtirilmoqda. Shuningdek, u moliyaviy kelishuvlar orqali hujumlarni to‘xtatish haqidagi gaplarni ham asossiz deb atadi. Qatar har qanday hujumni mintaqa davlatlari suverenitetiga tahdid sifatida baholab, javob ham jamoaviy bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Doxa Hurmuz bo‘g‘ozidan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanishga qarshi chiqib, dengiz qatnovini shartsiz tiklashga chaqirdi. Qatar diplomatik sa’y-harakatlarni, jumladan, Pokiston vositachiligidagi muzokaralarni qo‘llab-quvvatlayotganini bildirdi. Rasmiylar fikricha, vaqtinchalik sulh yetarli emas, balki barcha tomonlar manfaatlarini hisobga olgan keng qamrovli yechim zarur.
Krit sohillarida 300 dan ortiq muhojir qutqarildi

Gretsiya rasmiylarining ma’lum qilishicha, so‘nggi 48 soat ichida Krit oroli yaqinida 300 dan ortiq muhojir qutqarildi. Ular asosan Bangladesh, Misr, Yaman va Sudandan kelgan bo‘lib, kamida uchta kichik qayiqda xavfli sayohat qilgan. Qutqaruv operatsiyalari kuchli shamollarga qaramay davom etgan, muhojirlar esa vaqtincha politsiya nazoratida saqlanib, keyinchalik materikdagi qabul markazlariga yuborilishi rejalashtirilgan. So‘nggi vaqtlarda Krit Liviyadan Yevropaga o‘tishda asosiy yo‘nalishga aylanib, bu yo‘l ayniqsa xavfli hisoblanmoqda.
Shu bilan birga, O‘rta yer dengizida halokatlar soni ham ortib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan beri yuzlab insonlar halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Yevropa Ittifoqi esa noqonuniy migratsiyani cheklash uchun yangi choralar, jumladan, “qaytarish markazlari”ni joriy etmoqda, ammo huquq himoyachilari bu siyosatni tanqid qilmoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, qat’iy nazorat migratsiyani kamaytirish o‘rniga, odamlarni yanada uzoq va xavfli yo‘llarga majbur qilmoqda.
Orbanning Bryusseldagi ta’sir tarmog‘i xavf ostida(mi)?

Vengriyada Peter Madyar bosh vazirlikka kelishi bilan Viktor Orban qo‘llagan Bryusseldagi siyosiy va institutsional tarmoq jiddiy o‘zgarishlarga duch kelishi mumkin. Yangi hukumat Yevropa Ittifoqi va NATO bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishni va’da qilgan bo‘lib, bu Orbanga yaqin shaxslar va tashkilotlarning pozitsiyasiga ta’sir qilishi kutilmoqda. Xususan, Yevropa komissari Oliver Varxeyi hamda Bryusseldagi hukumatga yaqin markazlar endi bosim ostida qolishi mumkin.
Shu bilan birga, diplomatik korpus va tahlil markazlari ham qayta ko‘rib chiqilishi ehtimoldan xoli emas. Madyar davlat resurslari taqsimoti va siyosiy ta’sir mexanizmlarini tekshirishni va’da qilgan, bu esa ayrim tashkilotlarning moliyalashuviga ta’sir qilishi mumkin. Tahlilchilar fikricha, bu o‘zgarishlar Vengriyaning Yevropa siyosatidagi yo‘nalishini tubdan o‘zgartirib, Bryussel bilan munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA