Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Qisqa, aniq va ishonchli axborot global dunyoda tezkor xabardorlik garovidir. Binobarin, O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda ifodalashga harakat qiladi.
Yevroparlament millatchi talaba xotirasiga sukut saqlashni rad etdi
Yevropa parlamenti Fransiyada halok bo‘lgan millatchi talaba Kventin Derank xotirasiga bir daqiqa sukut saqlashga rozi bo‘lmadi. O‘ng qanot “Patriots for Europe” guruhi kiritgan bu taklif parlament prezidenti Roberta Metsola boshchiligida Rossiya – Ukraina urushining to‘rt yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan haftalik favqulodda sessiyada qabul qilinmadi. Manbalar aytishicha, noiblar kun tartibi mavzusidan chetga chiqishni xohlashmagan.
23 yoshli Derank Lionda o‘ng va so‘l faol lar to‘qnashuvida og‘ir jarohat olib, vafot etgan. Bu hodisa saylov arafasidagi siyosiy bahsni kuchaytirdi. Prokuratura yetti kishiga nisbatan qotillik ayblovini qo‘ygan. Yevroparlament esa masalani kelasi oy Strasburgda o‘tadigan navbatdagi yalpi majlisda yana ko‘rib chiqishi mumkin.
Britaniyaning sobiq elchisi hibsga olindi
Buyuk Britaniyaning AQSHdagi sobiq elchisi Piter Mandelson Londonda “davlat lavozimidagi suiste’mol” gumoni bilan hibsga olindi. Ushbu qaror jinoyatchi moliyachi Jeffri Epshteyn bilan ehtimoliy aloqa haqidagi yangi ma’lumotdan so‘ng qabul qilingan. Politsiya bayonotiga ko‘ra, 72 yoshli siyosatchi so‘roq uchun olib ketilgan va keyin garov evaziga qo‘yib yuborilgan.
AQSH Adliya vazirligi e’lon qilgan elektron maktublar Mandelson va Epshteyn o‘rtasida avvalgi ma’lum axborotlardan ko‘ra yaqinroq munosabat bo‘lganini ko‘rsatgan. Sobiq elchi aloqalaridan “chuqur afsuslanishi”ni bildirgan. So‘nggi tergov bo‘yicha hali izoh berilmagan. Hibs aybdorlikni anglatmaydi, tergov davom etmoqda.
AQSH elchisi Fransiya hukumati bilan uchrashuvdan chetlatildi
Fransiya AQSHning Parijdagi elchisi Charlz Kushnerni hukumat a’zolari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot huquqidan mahrum qildi. U Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilganiga qaramay, uchrashuvga kelmaganidan so‘ng ayni qaror qabul qilingan. Diplomat o‘ng qanot faoli Kventin Derankning o‘limi yuzasidan elchixona bayonoti bilan bog‘liq holda tushuntirish berishga chaqirilgan edi.
AQSH tomoni ijtimoiy tarmoq orqali “radikal so‘l qanot kuchaymoqda” mazmunida bayonot bergani Parijda norozilik uyg‘otdi. Rasmiylar bu hodisani ichki siyosiy masala, deb hisoblab, tashqi aralashuv noma’qulligini bildirgan. Manbalar aytishicha Kushner ikkinchi bor vazirlik chaqiruviga javob bermagan.
Kim Chen In besh yillik iqtisodiy dasturni e’lon qildi
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In hukmron Mehnat partiyasi IX qurultoyida kelasi besh yilni “to‘liq taraqqiyot bosqichi” deb atab, iqtisodiyot sifatini mustahkamlash va takomillashtirish va’dasini berdi. KCNA xabariga ko‘ra, qurultoyda sanoat, qishloq xo‘jaligi, harbiy va tashqi siyosat sohalari bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olinmoqda. Yetakchi mas’uliyatsizlik va qisqa muddatli manfaat ortidan quvishga qarshi kurashilishini ham ta’kidlagan.
Qurultoyda Inning singlisi Kim Yo Chjon partiya bo‘limi direktori etib tayinlandi va Siyosiy byuroning zaxira a’zoligiga qayta tiklandi. Tahlilchilar mazkur qaror Pxenyanning tashqi siyosatdagi yo‘nalishlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini taxmin etgan. Hozircha anjumanda AQSH yoki Janubiy Koreyaga oid yangi bayonotlar berilmadi: e’tibor asosan ichki iqtisodiy masalalarga qaratilgan.
“El Mencho”ning o‘limi Meksikani larzaga soldi
Meksika xavfsizlik kuchlari Jalisko shtatidagi maxsus amaliyot chog‘i mahalliy Yangi avlod karteli rahbari Nemesio Osegera – “El Mencho”ni yo‘q qildi. Rasmiylar fikricha, uning yashiringan joyi haqidagi ma’lumot shaxsiy aloqalari orqali olingan. Reyd payti va keyingi to‘qnashuvda 62 kishi, jumladan milliy gvardiya a’zolari ham halok bo‘lgan. Guruh tarafdorlari 14 shtatda yo‘llarni yopib, avtomobillarni yoqqan.
Hukumat voqeani uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashdagi yirik g‘alaba, deb baholamoqda. Tahlilchilar esa zo‘ravonlik yangi bosqichga ko‘chishidan xavotirda. Yuzaga kelgan vaziyat turizm va havo qatnoviga ta’sir qildi, ayrim reyslar bekor qilindi. AQSH razvedkasi amaliyotda axborot almashgan, Meksika rasmiylari esa opreatsiyani o‘zlari boshqarganini ta’kidlamoqda.
Iqlim siyosati – eng arzon sug‘urta
Vena Iqtisodiyot va biznes universiteti tadqiqotida iqlim siyosati ixtiyoriy xarajat emas, balki jamoaviy xavfni taqsimlash mexanizmi hisoblanishi ta’kidlangan. 1980-2021-yillar favqulodda ob-havo YeIga 560 milliard yevrodan ortiq zarar yetkazgan. Bu miqdorning atigi 25-33 foizi sug‘urta bilan qoplangan. Olimlar ogohlantirishicha, 2050-yilga borib umumiy yo‘qotish 5 trillion yevrodan oshib, 3°C isish sharoitida yalpi ichki mahsulot taxminan 10 foiz qisqarishi mumkin.
Yalpi ichki mahsulotning 1-2 foizi iqlimga moslashuv va zararni kamaytirish choralariga sarflansa, 11-27 foizlik yo‘qotishning oldi olinadi.
Mualliflar kechikkan chora har yili yuz milliardlab yevro qo‘shimcha zarar keltirishini ta’kidlamoqda. YeI davlatlari iqlimga tayyorgarlikni kuchaytirishga chaqirilmoqda. Zero, iqlim bilan bog‘liq muammo tufayli har yili 80 minggacha inson hayotdan erta ketyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA