Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Modi Zelenskiy bilan urushni to‘xtatish masalasini muhokama qiladi
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 23 avgust kuni Ukrainaga tashrif buyurib, urushga qanday barham berish bo‘yicha qarashini bayon qilmoqchi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
– Zelenskiy taklifiga binoan Ukrainaga borib, davom etayotgan urushni tinch, muzokara yo‘li bilan hal qilish istiqbolini muhokama qilamiz, – dedi u. – Umid qilamanki, tez orada mintaqada tinchlik va barqarorlik qaror topadi.
Modi, shuningdek, mazkur tashrif Hindiston va Ukraina o‘rtasidagi do‘stona munosabatni yanada chuqurlashtirishiga ishonch bildirgan.
Pentagon armiya uchun og‘ir mashinalar ishlab chiqarish uchun shartnoma tuzdi
AQSH Mudofaa vazirligi “Oshkosh” kompaniyasi bilan og‘ir armiya mashinalari yetkazib berish ko‘zda tutilgan 1,54 milliard dollarlik shartnoma imzoladi.
“Oshkosh Defense LLC” kompaniyasi 1 054 861 429 dollar qiymatga ega og‘ir taktik transport vositasi ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomaga ega bo‘ldi, – deyilgan idora xabarida.
Kompaniya saytida keltirilishicha, bunday mashinada og‘ir zirhli texnika, jumladan tank, hatto konteyner ham tashiladi.
XXR Davlat kengashi rahbari Rossiyaga keldi
XXR Davlat kengashi rahbari Li Syan Moskvaga keldi.
“Mening Rossiyaga tashrifim asriy do‘stligimizni davom ettirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvni hayotga joriy qilishga qaratilgan”, – dedi u.
Xarris nomzod sifatida rasman tasdiqlandi
Seshanba kuni kechqurun AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida Demokratik partiyadan ushbu lavozimga nomzod etib tasdiqlandi. Ovoz berish “United Center” yopiq sport arenasida bo‘lib o‘tdi. Delaver shtati birinchi bo‘lib davlat rahbarining vatani sifatida nomzodni qo‘llab-quvvatladi.
Pokiston parlamenti kalamushlarga qarshi ov mushuklari boqyapti
Pokiston parlamenti hukumat binosida kalamush ko‘payib ketgani bois, mushuklarni ko‘paytirmoqchi, deya xabar tarqatdi “Geo News” nashri manbalarga tayanib.
– Poytaxtni rivojlantirish boshqarmasi (CDA) kalamushlarni tutish uchun ovchi mushuklar yollash haqida qaror qabul qildi, chunki kemiruvchilar parlament binosining hamma joyini egallab olgan, – deyilgan xabarda. – Ayni maqsadga byudjetdan 1,2 million rupeya – taxminan 4,3 ming dollar ajratildi.
Kalamushlar Senatning turli departamentlari va Milliy assambleya faoliyatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, zararkunandalar idoradagi ko‘plab hujjatlarni kemirib ketgan.
Bayden AQSHning maxfiylashtirilgan yadroviy strategiyasini imzoladi
Mazkur hujjat XXRni tiyib turish hamda Pekin, Pxenyan va Moskva tomonidan muvofiqlashtirilgan chaqiriqqa qarshi tayyor turishga qaratilgan, deb yozdi “New York Times” gazetasi.
Nashr ma’lum qilishicha, hujjat shu darajada maxfiylashtirilganki, hatto raqamli ko‘rinishi mavjud emas, faqat bosma qog‘ozda Pentagonning bir necha rahbari va milliy xavfsizlik bo‘yicha mas’ullarga berilgan.
Qirg‘izistonda yana bir bank Rossiya orqali pul o‘tkazmasini to‘xtatdi
Qirg‘izistonning “Keremet” banki saytida Rossiya banklari orqali pul o‘tkazish to‘xtatilgani e’lon qilindi.
“Rossiyaning “Sberbank”, “MTS Bank”, “Tbank” (Tinkoff) banklari mobil ilovasi va Rossiya milliy to‘lov tizimi operatorlari orqali ikki tomonga ham pul o‘tkazmasi noma’lum muddatga to‘xtatildi”, – deyilgan e’londa.
Aniqlik kiritilishicha, “Zolotaya korona”, “Yunistrim”, “Western Union” va boshqa xalqaro tizimlardan pul o‘tkazish mumkin.
Avvalroq Qirg‘izistonning boshqa bir yirik moliyaviy tuzilmasi – MBank ham RF banklaridan pul o‘tkazmasini to‘xtatganini e’lon qilgan edi.
Keniyada 42 ayolni o‘ldirgan qotil politsiya idorasidan qochib ketdi
40 dan ziyod ayolni o‘ldirganlikda ayblanayotgan kimsa – Kollinz Jumaisi Xalusha Nayrobidagi Gigiri politsiyasi idorasidan qochib ketdi, deb yozdi “Citizen Digital” nashri.
Iyul oyi o‘rtalarida Keniya politsiyasi Nayrobining qashshoqlar yashaydigan hududi axlatxonasida bir necha ayol jasadini topgan. Keyinroq ushbu qotillikda gumon qilingan kimsa qo‘lga olingan. Mamlakat jinoyat qidiruv boshqarmasi vakili Muhammad Amin ma’lum qilishicha, gumondor 2 yil davomida 42 ayolni o‘ldirganini tan olgan.
Ta’kidlanishicha, u bilan birga Eritreyaning 12 nafar noqonuniy migranti ham qochgan.
S.Rahimov, O‘zA