Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Ukraina Oliy Radasi mamlakatdagi harbiy holat va yalpi safarbarlikni yana 90 kun uzaytirishni qo‘llab-quvvatladi, dedi deputat Yaroslav Jeleznyak.
– Parlament harbiy holat amal qilishini 12 avgustdan 9 noyabrgacha uzaytirishni qo‘llab-quvvatladi, – deb yozgan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Endi hujjatga Prezident Vladimir Zelenskiy imzo qo‘ysa bo‘ldi.
Avvalroq mamlakat rahbari Oliy radaga shu haqdagi qonun loyihasini kiritgan edi.
***
Kamida 229 nafar kongressmen vitse-prezident Kamala Xarrisning AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘llab-quvvatladi, deb xabar tarqatdi “Axios” portali.
Qo‘shma Shtatlarda prezident saylovi 5 noyabrda bo‘lib o‘tadi.
– Bayden poygadan chiqishini e’lon qilgandan 30 soat o‘tmay, Demokratik partiyadan Vakillar palatasining 186 a’zosi, 43 senator va 23 gubernator Xarris nomzodini qo‘llab-quvvatladi, – deyilgan xabarda.
***
Estoniyada Bosh vazir va iqlim masalasi bo‘yicha vazir Kristen Mixal rahbarligidagi yangi hukumat qasamyod qildi, deb xabar tarqatdi ERRteleradio kompaniyasi.
Prezident Alar Karis parlament ovoz bergandan so‘ng, dushanba kuni yangi hukumat tarkibini tasdiqladi hamda Mixalga Vazirlar Mahkamasini shakllantirish vakolatini berdi.
Mixal ham avvalgi Bosh vazir, 28 iyunda Bryussel sammitida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchilari uni YeI tashqi ishlar va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili etib saylagandan keyin iste’fo bergan Kaya Kallas singari Islohotlar partiyasi vakili.
***
– AQSH Prezidenti Jo Baydenning saylov oldi poygasidan chiqish qarori uni siyosiy cheklanishdan ozod qilishi va xalqaro maydonda yanada erkinroq harakat qilishga imkon berishi mumkin, – deb yozdi “Financial Times” gazetasi. Nashr ta’kidlashicha, Bayden endi xalqaro voqealarga kuchliroq ta’sir o‘tkaza oladi.
***
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili bayonot berishicha, qirollik armiyasi ko‘plab jiddiy muammolarga duch kelmoqda.
– Biz Qurolli kuchlar har uch yo‘nalish – quruqlik, harbiy-dengiz, harbiy-havo tizimida jiddiy muammolar bilan yuzma-yuz kelganini bilamiz, – degan u Qirollik mudofaa tadqiqoti birlashgan instituti (RUSI) konferensiyasida. – Kuch kamayishi, ortiqcha sarf-xarajatga yo‘l qo‘yilishi, jangovar ruh pastligi, xizmatchilarni qabul qilish va ushlab qolish bilan bog‘liq inqiroz hamda faxriylar o‘zlari munosib bo‘lgan xizmatdan foydalana olmasligi kabi muammolar bor.
Qo‘shimcha qilinishicha, mulozim lavozimga kirishgandan keyingina mazkur muammolar qay darajada jiddiyligiga guvoh bo‘lgan.
***
Serbiya harbiy xavfsizlik agentligi (VBA), xavfsizlik va axborot xavfsizligi (BIA), IIV va prokuraturasi tomonidan “Krushik” mudofaa korxonasining uch muhandisi qo‘lga olingan. Bu xodimlar maxfiy ma’lumotni xorij berishda gumonlanmoqda.
Mamlakat Radio va televideniyesi (RTS) tarqatgan xabarga ko‘ra, gumonlanuvchilar Valevo shahridagi yirik mudofaa korxonasi sobiq va amaldagi muhandislari hisoblanadi. Dastlabki tergov natijasiga ko‘ra, ular ko‘p yildan buyon korxonaning maxfiy hujjatlarini chet el tashkilotlariga sotib kelgan va Serbiya mudofaasi hamda xavfsizligiga jiddiy ziyon yetkazgan.
***
Latviya Ukrainaga va’da qilgan 500 dronning dastlabki to‘plamini jo‘natdi, dedi mamlakat mudofaa vaziri Adris Spruds.
– Allaqachon taxt qilib qo‘yilgan 500 dan ziyod dron Ukrainaga yuboriladi, – deb yozgan mulozim ijtimoiy tarmoq sahifasida.
Bosh vazir Evika Silinya avvalroq Riga yaqin kunlarda Kiyevga Latviyada ishlab chiqarilgan dronlarning bir qismi jo‘natilishi e’lon qilingandi. Shuningdek, dronni boshqaradigan latviyalik mutaxassislar ham jo‘natilishi mumkinligi aytilgan.
***
AQSH davlat kotibi Entoni Blinken va Pentagon rahbari Lloyd Ostin Tokioda yaponiyalik hamkasblari bilan yadroviy tiyib turish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazadi, deb xabar tarqatdi davlat departamenti.
Yakshanba kuni “Iomiuri” gazetasi tegishli manbalarga tayanib, Tokio va Vashington AQSH kun chiqar mamlakatni zarur bo‘lganda, hatto, yadro quroli bilan himoya qilishi to‘g‘risidagi band kiritilgan hujjat tayyorlashga kelishib olgani haqida yozgan edi.
S.Rahimov,
O‘zA