Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Yamayka hukumati Falastin davlatini tan oldi, deyilgan mamlakat Bosh vaziri Endryu Xolnessning ijtimoiy tarmoq sahifasida e’lon qilingan bayonotda.
Hozir Falastinni BMTga a’zo mamlakatlarning ko‘pchiligi tan olgan.
***
Anqara Tel-Aviv ma’muriyati qonun oldida javob berishi uchun bor vositalardan foydalanadi, deya bayonot berdi mamlakat rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an.
O‘tgan hafta mamlakat savdo vaziri Turkiya Isroil bilan savdo-sotiqni to‘liq to‘xtatganini tasdiqlagan edi.
***
Yevropa tashqi siyosat xizmati rasmiy vakili Peter Stano “Yevropa Ittifoqi Qrim ko‘prigini Ukrainaning qonuniy nishoni, deb hisoblaydimi?” mazmunidagi savolga javob berarkan, “Kiyev o‘zini-o‘zi mudofaa qilish huquqiga ega”, dedi.
– Biz uchun tushunarli: Ukraina yashab qolish uchun kurashmoqda va o‘zini o‘zi mudofaa qilishga qonunan haqli, – dedi u Bryusselda o‘tkazilgan brifingda.
Avvalroq Litvaning Shvetsiyadagi elchisi Linas Linkyavichyus ijtimoiy tarmoqda Qrim ko‘prigiga hujum uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan ishorani yuklagan edi.
***
Bryusselda EI – Ukraina mudofaa sanoati ochilishida so‘zga chiqqan Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Yevropa allaqachon Rossiya bilan yangi qurollanish poygasiga kirishgan, deya bayonot berdi.
Uning fikricha, agar Yevropa Ittifoqi tinchlik ta’minlanishini istasa, iqtisodiyotini harbiy rejimga o‘tkazishi kerak.
***
XXR raisi Si Szinpin Parijda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari vaqtida butun dunyoda olimpiya yarashuviga chaqirdi.
– BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo mamlakat sifatida, Xitoy Fransiya bilan birga Parijda Olimpiya o‘yinlari o‘tadigan paytda butun dunyoda olimpiya yarashuviga chaqiradi, – dedi u Parijda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ishtirokida kechgan matbuot anjumanida.
Parij Olimpiadasi 26-iyul-11-avgust kunlariga belgilangan.
Fransiya yetakchisi esa ushbu tadbirda mamlakati Rossiya bilan ham, Rossiya xalqi bilan ham urush holatida emasligini ta’kidlab, Fransiya Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashini ham qo‘shimcha qilib qo‘ydi.
***
EI 2025-yil o‘q-dori ishlab chiqarishni ikki million donaga yetkazishni mo‘ljallamoqda, dedi ichki bozor bo‘yicha Yevrokomissar Terri Breton.
– Hozir bir million o‘q ishlab chiqarilyapti, kelasi yil ikki millionni mo‘ljallayapmiz, – dedi u EI – Ukraina mudofaa sanoati forumida.
Breton Ittifoq sanoatini harbiy tartibga o‘tkazish kerakligi haqida ham gapirgan.
***
Xakerlar Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi serverini buzib kirdi, deb yozgan “Sky News” telekanali.
Ta’kidlanishicha, hukumat gap qaysi davlat xakerlari haqida ketayotganini ochiqlamagan.
Telekanal esa bu ish ortida Xitoy turganiga urg‘u berib, amaldagi harbiy xizmatchilar va ayrim faxriylarga maosh to‘lash tizimi hujumga uchraganini ta’kidlagan. Asosan, ismlar va bank rekvizitlarini oshkor etgan.
***
“RIA Novosti” ixtiyoriga kelib tushgan hujjatda qayd etilishicha,XAMAS harakati Isroil bilan erishilgan bitimning birinchi bosqichida Isroil mudofaa armiyasining asirga olingan har bir ayol askarini qamoqda saqlanayotgan 50 nafar falastinlik mahbusga almashishini bildirgan.
***
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan 9-may – G‘alaba kuni tadbirida ishtirok etish uchun har yil Moskvaga borish shart emas, deya bayonot berdi.
– Men Moskvada 9-may tadbirlarida ishtirok etganman, har yili qatnashish shartmas, deb hisoblayman, – dedi u Yerevanda uyushtirilgan matbuot anjumanida. – Armaniston rahbarlari bu marosimda har yili ishtirok etishi amaliyotini ko‘rmaganman.
Uning ta’kidlashicha, Armaniston yetakchisi yoki boshqa bir mamlakat rahbari har yili paradda ishtirok etaversa, g‘alati tuyuladi.
Dushanba kuni RF Prezidentining xalqaro ishlar bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Moskvadagi paradda ishtirok etmasligini ma’lum qildi.
S.Rahimov, O‘zA