“Dunyo sadolari”: unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi
Andijonning eng xushmanzara go‘shasi Xonobod shahrida o‘tkazilgan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali yakuniga yetdi.
Festival davomida yurtimiz va dunyodagi qator davlatlarning estrada guruhlari, xonandalari ishtirok etib, o‘z san’atlarini namoyish etdi. Estrada yulduzlarining o‘ziga xos chiqishlari, festival doirasida o‘tkazilgan turli tadbirlar festivalda qatnashgan har bir kishi qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
– Mehmondo‘st O‘zbekistonning eng so‘lim maskanlaridan biri Xonobod shahrida bo‘lib o‘tgan festival haqiqiy estrada san’ati, qo‘shiqlar va musiqa bayramiga aylandi, – deydi Andijon viloyati Qorasuv shahridagi 55- umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Dilnoza Omonova. – Uch kun davomida nafaqat yurtimiz, balki jahon estrada yulduzlari san’atidan bahramand bo‘ldik, qolaversa, Yurtboshimiz tashabbusi bilan mana shunday katta xalqaro festivalning o‘tkazilganligi qalblarimizni faxr-iftixorga to‘ldirdi. O‘ylaymanki, festivalga tashrif buyurgan har bir inson ulkan ma’naviy, madaniy ozuqa oldi.
[gallery-12845]
Ayniqsa, festival davomida yurtimiz viloyatlari, xususan, Andijon hunarmandlarining rang-barang hunarmandchilik mahsulotlari festivalga o‘ziga xos ko‘rk bag‘ishladi. Ko‘plab xorijliklar, festival mehmonlari hunarmandchilik ko‘rgazmalarini katta qiziqish bilan tomosha qildi. Festival yakuniga bag‘ishlangan shou konsert yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tdi.
Xonobod shahri markazidagi asosiy sahnada Janob Rasul, Elyor Meliboyev, Jambul Muhammedov, Hojiakbar Ro‘zimetov singari yurtimiz estradasi yulduzlarining chiqishlari barchani xushnud etdi. Shou davomida tashkil etilgan modalar ko‘rgazmasida modeler va dizaynerlar tomonidan tayyorlangan o‘ziga xos milliy va zamonaviy liboslar namoyish etildi.
So‘ng mehmon va tomoshabinlar jahon estrada yulduzlari Acsent, Fly Project guruhlarining chiqishlaridan bahramand bo‘ldi.
Shunday qilib, Xonobodda ilk bor o‘tkazilgan, unutilmas taassurotlar, rang-barang tadbirlarga boy “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada festivali yakuniga yetdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto),
O‘zA