Dunyo kezgan rassomlar ko‘rgazmasi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida Vasiliy Yurev, Andrea Salzman, Dmitriy Yurev va Anna Yurevalarning “Terragenezis” nomli ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Rassomlarning ijodiy ishlarini kuzatar ekansiz, alohida mazmun, takrorlanmas g‘oya va turli xil ko‘rinishlarni ko‘rish mumkin.
Vasiliy Yurev 1954 yilda tug‘ilgan. U institutni tamomlagach, Sankt – Peterburg teatr akademiyasida tajriba orttirgan. Rassom Toshkent va MDH davlatlari teatrlarida 100 dan ortiq spektakllarni sahnalashtirdi. Shuningdek, AQSH, Germaniya, Rossiya va Isroilda ham hamkorlikda ijodiy faoliyat olib bordi. Vasiliy Yurev ajoyib rangtasvirchi hamdir. Uning ijodi chuqur ma’no va yorqinlikka ega. Ko‘plab respublika va xalqaro ko‘rgazmalar hamda Biyennale ishtirokchisi. Asarlari Yaponiya, Germaniya, AQSH, Isroil kabi ko‘pgina davlatlarda shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi.
Salzman Andrea 1973 yil Ruminiyada tug‘ilgan. Butun bolalik va o‘smirlik davrlarida o‘zida san’atning barcha turlarini sinab ko‘rgan. Jumladan, akvarel, grafika, keramika, naqqoshlikni chuqur o‘zlashtirdi. Bolaligidan yorqin ranglar shaydosi bo‘lgan. Diplomatik xizmatlari bois Yamayka, Polsha, Ukraina, Tojikiston va hozirda O‘zbekistonda yashab kelmoqda.
[gallery-2685]
Ijodiy izlanishlari davomida Andrea abstrakt san’ati bilan qiziqib, ranglar uyg‘unligidan ustalik bilan foydalanadi. Uning asarlari hayajonni ifodalash mumkin bo‘lgan g‘oya va tomoshabinning o‘z fikrlarini bildirishga undaydigan jarayonlar bilan boyitilgan.
Andrea ayni paytda O‘zbekistonda o‘qituvchilik faoliyatini olib bormoqda. Katta davralarda ingliz tili va san’at haqida ma’ruzalar o‘qiydi.
Rassom va kulol Dmitriy hamda Anna Yurevlar 1982 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1999-2004 yillarda P.P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtining “Badiiy kulolchilik” bo‘limida tahsil olgan. So‘ngra ikkala ijodkor turmush qurgan.
Anna Yureva 2007-2012 yillarda Yevriy agentligining kulolchilik to‘garagini boshqargan. Dmitriy esa 2009-2014 yillarda “Anor” galereyasida kulolchilik to‘garagiga rahbarlik qilgan. Dmitriy va Anna 2016 yildan boshlab O‘zbekiston Badiiy Ijodkorlar uyushmasi a’zolari. Ular kulolchilik, batik va felting bilan doimiy shug‘ullanib keladi va mahorat darslarini o‘tkazadi.
Dmitriyning “Sharq lirikasi”, “Oy nuridagi tun” , “Suvsiz” kabi kulolchilik namunalari real voqelikni tasvirlaydi. Ulardagi rang, shakl va sokinlik tomoshabinga huzur bag‘ishlaydi.
Gulnoza BOBOEVA,
O‘zA