Dunyo gimnastikachilari – Toshkentda
Mamlakatimizda badiiy gimnastika va sport gimnastikasini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahridagi Gimnastika bo‘yicha Respublika markaziy o‘quv-sport maktabida qator nufuzli xalqaro musobaqalar o‘tkazilmoqda.
Xususan, ushbu sport tadbirlarini 4–6-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan badiiy gimnastika bo‘yicha “Yorqin yulduzcha” xalqaro turniri boshlab berdi. Endi esa poytaxtimiz 10–12-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichini qabul qilish arafasida.

Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan Respublika olimpiya zaxirasi bolalar-o‘smirlar sport maktabiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Jahon kubogi musobaqasiga olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishildi.

Shuningdek, sport maktabining qayta ta’mirdan chiqarilgan hududlari, zamonaviy talablar asosida barpo etilgan yangi mashg‘ulot zali ko‘zdan kechirilib, sportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar atroflicha o‘rganildi.

Ma’lumot o‘rnida, bu galgi Jahon kubogi bosqichida 40 ga yaqin davlatdan 155 nafar gimnastikachi ishtirok etadi.

Jahon kubogining ochilish marosimi 10-aprel kuni soat 18:20 da bo‘lib o‘tadi. Shu kuni soat 10:00 dan 21:00 ga qadar bahslar tashkil etilib, musobaqa 12-aprelga qadar davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA