Dubayda Tramp brendi ostida osmono‘par bino qad ko‘taradi
Ko‘chmas mulk qurilishi bilan shug‘ullanuvchi “Dar Global” hamda “Trump Organization” kompaniyalari Dubayda AQSH Prezidenti brendi ostida osmon o‘par bino loyihasini ishga tushiradi, deyiladi maxsus matbuot xabarnomasida. Bu ikki korxona avval Saudiya Arabistoni, O‘mon va Qatarda ham qo‘shma loyihalar amalga oshirgan.
Axborotda aytilishicha, bu Yaqin Sharqdagi birinchi “Trump International Hotel & Tower” brendi ostidagi turar-joy va mehmonxona binosi hisoblanadi. Tashabbus ishtirokchilari mintaqaning uzoq muddatli rivojlanish salohiyatiga ishonmoqda.
350 metrga bo‘y cho‘zadigan inshoot Dubayning “Sheikh Zayed Road” trassasi yonida qad ko‘taradi. Majmua tarkibida dunyo bo‘yicha eng baland joylashgan usti ochiq sun’iy suv havzasi bo‘ladi. Qurilish ishlarini 2031 yil dekabrda yakunlash rejalashtirilgan.