Dual ta’limning istiqbollari
Andijon davlat chet tillari institutida “O‘zbekistonda dual ta’lim modelini joriy etish: tendensiyalar va istiqbollar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizdagi qator oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, ta’lim sohasi mutaxassislari, ish beruvchi, investor hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etdi.
Anjumanda oliy o‘quv yurtlarida dual ta’lim modelini joriy etish, professional va kasb-hunar ta’limida, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kasbga yo‘naltirish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida hamda nodavlat ta’lim muassasalarida dual ta’lim tizimini joriy etish, mazkur yo‘nalishdagi yutuqlar, mavjud muammolar, ularni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mutaxassis va ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, anjuman davomida oliy o‘quv yurtlari hamda ish beruvchi va investorlar o‘rtasida bevosita muloqot o‘tkazildi. Bitiruvchi talabalar ish beruvchi xo‘jalik sub’ektlari mutasaddilari bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lib, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha vakant o‘rinlar bilan tanishdi. Ko‘plab iqtidorli talabalar tadbirning o‘zidayoq dastlabki suhbatdan o‘tdi va kelgusida ishga joylashish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Tadbir doirasida “Zamonaviy ta’lim va karera” ko‘rgazmasi hamda mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Unda viloyatdagi o‘ttizga yaqin davlat va xususiy tashkilotlar, xalqaro maktablar hamda yirik sanoat korxonalari o‘zlarining yuzdan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dual ta’lim modeli nazariy bilimlar va amaliy tajribani uyg‘unlashtirish orqali malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur model ta’lim jarayoni bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytirib, yoshlarning mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishiga xizmat qiladi.

Ushbu respublika ilmiy-amaliy anjumani ta’lim tizimini takomillashtirish, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.