Dual ta’lim: Energetika sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashda hamkorlik kengaytiriladi
Bugungi kunda energetika sohasining barqaror rivojlanishi, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega malakali mutaxassislarni tayyorlashni talab etadi. Shu bois, ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, yosh mutaxassislarni amaliyot bilan uyg‘un holda tayyorlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu yo‘nalishda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot davomida dual ta’lim tizimi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. Xususan, talabalarning nazariy bilimlarini ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish, ularga korxonalarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish uchun zarur sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, tomonlar o‘rtasida avval imzolangan memorandum hamkorlikning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning doirasida “tarmoq - korxona - oliygoh” tamoyili asosida kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish, ta’lim jarayonini ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan yaqinlashtirish va mutaxassislarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kengaytirish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari xodimlarining oliy ta’lim muassasasida malaka va bilimlarini oshirish, professor-o‘qituvchilarning esa energetika ob’ektlarida amaliy tajribasini boyitish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bunday hamkorlik, bir tomondan, ta’lim dasturlarini zamonaviy ishlab chiqarish talablari asosida takomillashtirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, energetika sohasi uchun raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida dual ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash hamda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy aloqani mustahkamlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA