Dostoyevskiyning so‘nggi romani o‘zbek tilida
Bugun “Yangi asr avlodi” nashriyotining Book.uz kitob do‘konida Dostoyevskiyni – “Aka-uka Karamozovlar” asarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda yosh kitobxonlar, tarjimonlar, adabiyotshunoslar ishtirok etdi.
Dostoyevskiyning “Iblislar”, “Jinoyat va jazo”, “Qimorboz”, “Telba” romanlarini o‘zbek tiliga o‘girgan Ibrohim G‘ofurov galdagi tarjimasi barcha kitobxonlar uchun kutilgan asar ekanini ta’kidlab, bu kabi nodir asarlar o‘quvchining tafakkurini charxlashini aytib o‘tdi.
– Dostoyevskiyni ilk bora bundan 50 yil oldin tarjima qilishni boshlaganman. Mana, adibning 200 yilligi arafasida Karamazovlarning chop etilishi katta sovg‘a bo‘ldi. Bu kitob sizning hayotingizga kirib borish uchun shu yerdan yo‘lga otlandi. O‘ylaymanki, u ko‘plab ko‘ngillarni zabt etadi.
Tarjimon yig‘ilgan yoshlarga tarjima mashaqqati haqida gapirdi.
– Esimda, “Jinoyat va jazo” romani nashrdan chiqqach katta shov-shuv bo‘lgandi,–deydi Yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad. – Biz bir guruh ijodkor yoshlar yig‘ilib qolsak faqat shu roman haqida bahs qilardik. Bir kuni qaysidir yig‘inda uzoqdan Ibrohim akani ko‘rib qoldik.
Savlati bosib yonlariga borib salom berishga ikkilandik. Axiyri bir marta suhbatlarini olay deb o‘zim bordim. Salom bersam maylimi, deb so‘radim. Mayli, dedilar kulib. Bilsam, bu inson kamtarin, samimiy odam ekan. Mana, oradan yillar o‘tib yonma yon o‘tiribmiz. Karamazovlarni tafakkurim o‘ssin degan har bir kitobxon o‘qishi shart.
Dostoyevskiyning rafiqasiga yozgan maktublarini o‘qib qattiq ta’sirlanganman. Ayol kishiga bo‘lgan xurmat-izzati tahsinga loyiq. Uni tarjima ham qilmoqchi bo‘lganman, ammo maktublardagi mehrni, muhabbatni aslidek ifoda qilolmasligimni tushunganman. Ibrohim aka esa ushbu romanni ham, undan avvalgi asarlarni ham mahorat bilan o‘girgan, uning ruhiga kira olgan.
O‘ylaymizki, bu kabi sara asarlar taqdimotlari davomli bo‘ladi. Biz muxlislar nomidan ustoz tarjimon Ibrohim G‘afurovga uzoq umr, xotirjamlik tilab qolamiz.
Nodirabegim Ibrohimova,
Jurnalist