Do‘stlik, san’at, hamjihatlik bayrami
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida qirg‘iz teatr ijodkorlari tomonidan "Somon yo‘li" spektakli namoyish etildi.
Atoqli adib Chingiz Aytmatovning "Somon yo‘li" asari asosida sahnalashtirilgan ushbu spektakl Ikkinchi jahon urushining oddiy odamlar boshiga keltirgan kulfatlari, eng murakkab vaziyatda ham insoniylik qiyofasini saqlab qolishning muhimligi, sabr, iroda va qanoat haqida ta’sirli tarzda hikoya qiladi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida esa Qirg‘iziston xalq artisti, taniqli kompozitor, musiqachi, pedagog Muratbek Begaliyev ishtirokida konsert dasturi musiqa ixlosmandlariga hadya etildi.
Aytish kerakki, Muratbek Begaliyev qirg‘iz musiqa san’atida katta maktab yaratgan, o‘zining betakror ijod yo‘liga ega bo‘lgan darg‘adir. U yaratgan musiqiy asarlar milliy ruh hamda zamonaviylikni o‘zida mujassam etgani bilan qadrli.

Musiqiy dastur davomida atoqli qirg‘iz kompozitori ijodiga oid eng sara namunalar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Shuningdek, poytaxtimizdagi "Moviy gumbazlar" xiyobonida qirg‘iz amaliy san’atiga oid "Ovul" nomli ko‘rgazma va Qirg‘iz Respublikasi san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturi muxlislarga manzur bo‘ldi.

Bu kabi musiqiy-ma’rifiy dasturlar dili, tili, an’analari uyg‘un bo‘lgan xalqlarimiz do‘stligining yorqin namunasi.
N.Usmonova,
O‘zA